Joriy yilning 18-may kuni O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasi tomonidan mamlakatimiz Mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlab sportning shaxmat turi bo‘yicha o‘tkazilgan XIV-banklararo spartakiadada “Mikrokreditbank” ATB jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladi.
Mazkur musobaqa shvesarcha tizimda o‘tkazildi. Unda barcha tijorat banklaridan tashrif buyurgan to‘rt nafar xodimdan iborat sara jamoalar 7 ta turda keskin va murosasiz bahs olib bordilar. Har bir ishtirokchiga o‘yin oxiriga qadar 10+2 daqiqadan vaqt berildi. Musobaqada elektron soatlardan foydalanildi.
Ma’lumki, “aql jangi” deya nom olgan sportning mazkur turiga mamlakatimizda yildan-yilga qiziqish ortib bormoqda. Bu borada “Mikrokreditbank” ATB tizimida ham xodimlar o‘rtasida muntazam ravishda turli musobaqalar tashkil qilib kelinmoqda.
Aytish mumkinki, bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi hamkasblar o‘rtasida sportga hamohanglik, hamkorlik ruhining mustahkamlanishi va tizimda ijobiy psixologik muhit o‘rnatilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)