Professional boksning WBC yo‘nalishi aprel oyi uchun yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik to‘rt nafar bokschi mazkur reytingdan o‘rin egalladi. Bu haqda GoSport xabar berdi.
Super o‘rta (-76,2 kg) vazn toifasi vakili o‘zbekistonlik Azizbek Abdug‘ofurov (12 ta g‘alaba, 4 ta nokaut) yangi reytingda bir oy oldingi pog‘onasidan bitta o‘rin yuqorilab, 4-pog‘onadan joy egalladi. WBC Silver kamari sohibi bo‘lgan Azizbek yaqin kunlarda kamarini himoya qiladi.
Yarim o‘rta (-66,68 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Qudratillo Abduqahhorov (16 ta g‘alaba, 9 ta g‘alaba) esa reytingda bir oy oldingi o‘rnini saqlab qoldi (4-o‘rin). Ayni vaqtda u IBF reytingida birinchi, WBO reytingida esa 9-o‘rinni egallab turibdi.
WBC reytingidan ilk marta yana ikki nafar o‘zbekistonlik bokschi joy oldi. Ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasi vakili Murodjon Ahmadaliyev (6 ta g‘alaba, 5 ta nokaut) mazkur reytingda 22-o‘rinda qayd qilingan bo‘lsa, super yengil (-63,5 kg) vazn toifasi vakili Shahram G‘iyosov (8 ta g‘alaba, 6 ta nokaut) 34-pog‘onadan joy olgan. Ahmadaliyev ayni vaqtda WBA yo‘nalishi reytingida 2-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, Shahram G‘iyosov o‘z vaznida 14-pog‘onadan joy olgan.
WBC yo‘nalishi bo‘yicha reytingda o‘zbekistonlik boshqa bokschilar o‘rin olishmagan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)