“Real” yarim himoyachisi Isko yozgi transferlar vaqtida “Yuventus” a’zosiga aylanishi mumkin, deb yozmoqda Don Balon.

Foto: Twitter

Madridliklar 80 million yevro taklif qilinsa, savdo qilishga tayyorligi ma’lum qilindi. Turin klubi esa futbolchi uchun 60 million yevrodan ortiq to‘lashni xohlamayapti.

Iskoning o‘zi ham “Real”ni tark etishga chog‘langan. Zinedin Zidan ham uning ketishiga to‘sqinlik qilmoqchi emas. “Qaymoqranglilar” prezidenti Florentino Peres katta transferlarga qo‘l urishi mumkinligi boisdan Iskoni tezroq sotib yuborishi kutilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu “Yuventus”dan aynan Iskoni sotib olishni so‘ragan. Portugaliyalikning fikriga ko‘ra, Turin klubi yarim himoyasida Miralem Pyanichdan boshqa yuqori saviyali futbolchi yo‘q. Shuning uchun Ronaldu yana Isko bilan bir jamoada to‘p surishni xohlayotganini ma’lum qilgan.

Joriy mavsum Isko “Real” safida 36 ta o‘yin o‘tkazib, 6 ta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning Madrid klubi bilan shartnomasi 2022-yil yozida yakuniga yetadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!