15—19-may kunlari Angliyaning Manchester shahrida bo‘lib o‘tadigan taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempionati arafasida tashkil etilgan Bosh assambleyada O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va mamlakat taekvondo assotsiatsiyasi vakillari ham ishtirok etmoqda. Bu haqda MOQ xabar berdi.
Assambleyaning birinchi qismida kun tartibiga qo‘yilgan asosiy mavzu taekvondo sportining butun dunyo bo‘ylab ommalashuvini yanada kengaytirish va Xalqaro federatsiyaning moliyaviy holati bo‘ldi. Dastlab Xalqaro federatsiya moliya bo‘limining audit hisoboti tinglandi. Shuningdek, yangi mavsum uchun Xalqaro taekvondo WT federatsiyasi budjeti tasdiqlandi.
Ayni paytda Bosh Assambleya yig‘ilishi o‘z ishini davom ettirmoqda. Kun davomida janglar paytida sportchilarning harakatini baholashda kiritiladigan o‘zgarishlar, shuningdek, yaqin yillar ichida o‘smirlar, yoshlar va kattalar miqyosidagi musobaqalarga mezbonlik qiluvchi shaharlarni aniqlash kabi masalalar ham muhokamaga qo‘yiladi.
Qolaversa, Bosh Assambleya davomida xalqaro federatsiyaning Ijroqo‘m, tibbiy va texnik qo‘mitalarining hisoboti tinglanib, bu yil Italiyaning Neapol shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Universiada o‘yinlari va Tokio Olimpiadasiga ko‘rilayotgan tayyogarlik yuzasidan taqdimot namoyish etilishi ham belgilab qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, Bosh Assambleya yig‘ilishida O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Milliy olimipiya qo‘mitasi prezidenti maslahatchisi Nazirjon Xudoyqulov hamda O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi Bosh kotibi Abduazim Isroilov ishtirok etyapti.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)