Tokio—2020 Olimpiya o‘yinlarining tashkiliy qo‘mitasi vitse-prezidenti Toshiaki Endo 10-may kuni Toshkentdagi Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Uni qo‘mita prezidenti Umid Ahmadjonov kutib oldi.

Foto: MOQ

Har ikki tomonning o‘zaro suhbat jarayonida MOQ rahbariyati va mutasaddilari, Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nabuaki Ito, shuningdek, qator OAV vakillari ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Foto: MOQ

Umid Ahmadjonov keng doiradagi suhbat davomida mehmonning O‘zbekistonga qilgan tashrifidan behad mamnun ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

“Sizni Toshkentda ko‘rib turganimizdan behad mamnunmiz. Tokioga qilgan tashrifimda Olimpiada tashkilotchilarining musobaqaga olib borayotgan tayyogarligini ko‘rib hayratda qolgan edim. Biz ham 2030-yili Osiyo o‘yinlarini O‘zbekistonda o‘tkazmoqchimiz. Musobaqani yuqori saviyada tashkil etishda sizlarning bu boradagi tajribangiz bizga kerak bo‘ladi. Biz Yaponiya Olimpiya qo‘mitasi va Yaponiya futbol assotsiatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik borasida memorandum imzolaganmiz va bu borada izchil ishlar olib borilmoqda. Olimpiya o‘yinlari oilasiga kirgan yapon sport turlari bo‘yicha milliy federatsiyalaringiz bilan ham hamkorlik qilish rejamiz bor. Albatta, bunda sizning ko‘magingiz asqatadi. Shunindek, Olimpiadaga olib borilayotgan tayyorgarlikni o‘zbek xalqiga ko‘rsatish maqsadida jurnalistlarimizni Tokioga jo‘natishni niyat qilganmiz. Ularning mamlakatdagi mavjud sport infratuzilmasi va Olimpiada uchun maxsus bunyod etilgan obyektlar bilan yaqindan tanishishida ham yordamingiz kerak bo‘ladi. Bizning niyatimiz Tokioda bo‘ladigan Olimpiada sportimiz tarixida o‘chmas iz bo‘lib qolishini ta’minlash”, – dedi Umid Ahmadjonov.

O‘z navbatida yaponiyalik mehmon ham so‘zi avvalida bunday tashrifdan xursand ekani va uni iliq kutib olishgani haqida gapirib berdi.

Foto: MOQ

“O‘zbekistonga yana bir bor tashrif buyurganimdan mamnunman. Bu mening ikkinchi tashrifim. 6 yil avval Tokio XXXII yozgi Olimpiadaga mezbon bo‘lishi e’lon qilingandi. Mana musobaqa boshlanishiga ham 441 kun qoldi. Darhaqiqat, butun mamlakatda tayyogarlik juda ham yuqori darajada olib borilmoqda. Bu haqda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax ham Tokioga kelganida alohida ta’kidlab o‘tdi. Dzyudo va karate sport turlaridagi hamkorlik bo‘yicha Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan gaplashaman va o‘ylaymanki, bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi. Qolgan sport turlaridagi har qanday taklifingiz bo‘yicha elchixonamiz sizga yordam beradi. May oyining oxiri va iyun boshlarida Olimpiadadan avval qator obyektlarida bir nechta sport turlari bo‘yicha test musobaqalari o‘tkaziladi. O‘zbek jurnalistlarining tashrifi uchun eng ma’qul vaqt shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Sinov musobaqalari va tayyogarlik jarayonini ko‘zdan kechirishda jamoam sizlarga yordam berishga tayyor. Xususan, sizning o‘zingizni ham Tokioda kutib qolaman”, – dedi Toshiaki Endo.

Shuningdek, suhbat davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, har ikki mamlakat terma jamoalari o‘rtasida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, tajriba almashish, murabbiylar malakasini oshirish masalalarida ham fikr almashdi.

Foto: MOQ

Foto: MOQ

Suhbat yakunida ikki tomon vakillari o‘zaro sovg‘alar almashib, esdalik uchun suratga tushishdi. Shuningdek, martabali mehmon MOQ muzeyiga tashrif buyurib, o‘zbek sportining tarixi bilan yaqindan tanishdi.

Foto: MOQ

Foto: MOQ

Foto: MOQ

Foto: MOQ