O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi konsullik bo‘limi Tula viloyati Uzlovaya shahrida fuqaro Umida Egamurotovaning o‘ldirilishi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib borishda davom etmoqda, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.
Marhum kelib chiqishiga ko‘ra haqiqatdan ham o‘zbekistonlik bo‘lib, 2011-yilda doimiy yashash joyini Rossiyaga ko‘chirgan hamda Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olib O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechgan.
2019-yilning 1-may kuni Umida Egamurotovaning jasadi, vatandosh sifatida, O‘zbekistonga yetkazildi hamda 2-may kuni vatanda dafn etildi. Jasadni jo‘natish va dafn etish xarajatlarini rossiyalik ish beruvchi o‘z zimmasiga oldi. Marhumning 3 nafar farzandi – Rossiya fuqarolari Tula viloyatida o‘z otalari – Rossiya fuqarosi qaramog‘ida qoldi.
Ayni paytda Tula viloyati Tergov boshqarmasi Uzlovaya shahri tergov bo‘limi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismida ko‘zda tutilgan jinoyat (odam o‘ldirish) alomatlari bo‘yicha ochilgan jinoyat ishining tergov jarayonlari davom etmoqda. Mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgan Rossiya fuqarosi qamoqqa olingan. “Ayni paytda u bilan tergov ishlari olib borilmoqda va u Rossiya Jinoyat kodeksi doirasida o‘z qilmishiga yarasha jazo oladi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)