Prezident Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “Kinomobil” — O‘zbekistondagi birinchi innovatsion kinoteatr loyihasi taqdimoti bilan tanishib, tegishli tavsiyalarni bergan edi. Shunga muvofiq Milliy bank bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mazkur loyiha Termiz shahrida kino muxlislariga xizmat ko‘rsatishni boshladi, deya xabar beradi O‘zA.

Foto: O‘zA

MAN avtomobiliga o‘rnatilgan mobil kinoteatr barcha mavsumga moslashtirilgan bo‘lib, isitish, ventilyatsiya, sovutish tizimi bilan jihozlangan.

Innovatsion mobil kinoteatrni ishga tushirish uchun 30 daqiqa vaqt sarflanadi. Bu vaqtda qurilma eniga 6 metrgacha kengayadi va 80 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Foto: O‘zA

Tomoshabinlar o‘zbek va jahon kinematografiyasi yangiliklari bilan raqamli 2D hamda 3D formatida tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ayni paytda innovatsion kinoteatrning ilk mijozi bo‘lgan Termiz davlat universiteti talabalari uchun “Skorpion”, “Elparvar”, “Said va Saida” badiiy hamda “Abu Iso Muhammad at-Termiziy” hujjatli filmlari namoyish etilmoqda.

Foto: O‘zA