O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fani sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanadi. Bu Prezidentning “Tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Qaror bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga quyidagi huquqlar berildi:
belgilangan tartibda davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish, o‘quv jarayonini amaliyot va ilg‘or xalqaro tajribaga integratsiyalashuvini ta’minlashni inobatga olgan holda tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz kasbiy ta’lim tizimining malaka talablari, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini tasdiqlash;
tibbiyot va farmatsevtika ta’limi yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga mustaqil ravishda takliflar kiritish;
faqatgina o‘quv va amaliyot xarakteriga ega chora-tadbirlar bo‘yicha ish vaqtini hisobga olishga tayangan holda tibbiyot va farmatsevtika ta’limining (shu jumladan, kredit-modulli o‘qitish tizimi sharoitida) o‘ziga xosligini hisobga olgan holda mustaqil ravishda professor-o‘qituvchilarning mehnat me’yorlarini belgilash, shuningdek, pedagogik xodimlar tomonidan ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-uslubiy, ma’naviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlarning bajarilishini rag‘batlantirish;
uzluksiz kasbiy ta’lim tizimida tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlari ustidan yagona tashkiliy va o‘quv-uslubiy rahbarlikni ta’minlash;
o‘qitishning umumiy xarajatlaridan kelib chiqqan holda klinik ordinatura (rezidentura)da to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish narxi miqdorini belgilash.
Izoh (0)