24-aprel, chorshanba kuni Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasining navbatdagi kongressi bo‘lib o‘tdi.
Kongressda Tojikiston prezidentining o‘g‘li, Dushanbe shahri hokimi, shu bilan birga mamlakat futbol federatsiyasi prezidenti bo‘lgan Rustam Emomali CAFA’ga (Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi) yangi prezident etib saylandi.
Qayd etish joiz, Rustam Emomali O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov o‘rnida faoliyat olib boradi.
Shuningdek, kongressda Qirg‘iziston futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Dastanbek Konokbayev tashkilot birinchi vitse-prezidenti etib saylandi. Turkmaniston futbol federatsiyasi bosh kotibi Arslan Aynazarov ham tashkilotga vitse-prezident bo‘ldi. Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi shtab-kvartirasi ham endilikda Toshkentda emas, balki Dushanbe shahrida joylashadi.
Ma’lumot uchun, 2014-yil iyun oyida tashkil topgan tashkilot oltita davlat futbol assotsiatsiyasini birlashtirib turadi: Afg‘oniston, Eron, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)