Shu kunlarda kuchli shamol va yomg‘ir oqibatida daraxt shoxlarining avtomobil ustiga ag‘nagani, sel yoki yer ko‘chkisi oqibatida zarar ko‘rgan avtomobillar haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p tarqatilmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtasi ushbu zararlarni qoplaydimi? Ushbu savolga “O‘zbekinvest” Milliy sug‘urta kompaniyasi mutaxassisi javobiga tayanib “Xalq so‘zi” ma’lumot beradi.
2008-yilda joriy etilgan mazkur amaliyot “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi “O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori bilan tartibga solingan. Sug‘urtaning ushbu turi sug‘urta tashkilotlari tomonidan bir xil shartlar asosida amalga oshiriladi. Demak, majburiy avtosug‘urta barcha haydovchilar uchun majburiy. Qaysi sug‘urta kompaniyasida sug‘urta polisini xarid qilish esa ixtiyoriy.
Majburiy avtosug‘urtada haydovchining avtomobilni boshqarish vaqtida boshqa kishining sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga (o‘zi boshqaruvidagi avtomobilga emas) zarar yetkazishi oqibatida zarar o‘rnini to‘lab berishi majburiyati sug‘urtalanadi. Ya’ni ushbu zararning o‘rni yoki uning ma’lum qismi “aybdor” haydovchi tomonidan emas, balki sug‘urta kompaniyasi tomonidan to‘lab beriladi. Deylik, haydovchi o‘z boshqaruvidagi avtomobilida kutilmagan tasodif bilan yo‘lda sigirni urib yubordi. Natijada kimningdir mulki bo‘lgan chorva moli nobud bo‘ldi. Bunda haydovchida mol egasiga uning qiymatini to‘lash majburiyati yuzaga keladi. Bunday holatda sug‘urta kompaniyasi haydovchining zararni qoplab berish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
Yoki kuchli shamol tufayli ko‘p qavatli uy atrofida turgan mashina ustiga daraxt quladi va transport vositasi pachoq bo‘ldi. Natijada mashina egasining o‘zi moddiy zarar ko‘rdi. Bunday holatda avtomobil egasi kimgadir zarar yetkazmagan. Demak, sug‘urtaning majburiy avtosug‘urta turi bo‘yicha hech qanday zarar qoplab berilmaydi.
Haydovchi avtomobilni boshqarish vaqtida kutilmaganda uchinchi shaxsning sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazib qo‘ysa, sug‘urta kompaniyasi ushbu zarar uchun haydovchiga emas, jabrlanuvchiga zarar miqdoricha yoki ko‘pi bilan 12 million so‘mgacha pul to‘lab berishi mumkin.
Sug‘urtalangan haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida kimningdir sog‘lig‘i yoki hayotiga jiddiy zarar yetgan bo‘lsa, 12 million so‘mning 65 foizi, ya’ni 7,8 million so‘mgacha, agar mulkiga yetgan zarar uchun 35 foizi, ya’ni 4,2 million so‘mgacha mablag‘ to‘lab beriladi.
Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16-martdagi qarori bilan 2019-yilning 16-iyunidan o‘zgaradi, ya’ni zararni qoplab berish summasi 12 million so‘mdan 40 million so‘mgacha oshiriladi.
Izoh (0)