Sog‘liqni saqlash vazirligi Jambil viloyatida halokatga uchraganlarning sog‘lig‘ini alohida nazoratga olingani haqida vazirlik matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Joriy yilning 20-aprel kuni tonggi soat 05:09 da Qozog‘istonning Jambil viloyati Korday tumanidagi “Chimkent—Olmaota” trassasining 181 kilometrida avtobus ishtirokida yo‘l- transport hodisasi ro‘y bergan edi.
49 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan avtobusda 11 nafar kishi yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan. Baxtsiz hodisa oqibatida vafot etganlarning uch nafari o‘zbekistonliklar bo‘lib, 13 nafari turli darajada jarohatlangan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning jabrlanganlarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish va O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha bergan topshirig‘iga ko‘ra, xukumat komissiyasituzilib, maxsus samolyot ajratildi. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida jarohatlangan o‘zbekistonliklarga ushbu bortda Vataniga olib kelindi. Aviabort bilan Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimlari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Kozim Mahkamov boshchiligidagi shifokorlar guruhi ham yetib borgan.
—Biz maxsus aviabort bilan yetib borganimizda qozog‘istonlik shifokorlar tomonidan jarohatlangan hamyurtlarimizga tezkor birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan edi, — deydi Kozim Mahkamov. — Shifokorlar guruhi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan jarohatlanganlarni aviabortga chiqargach, bortning o‘zida ular salomatligi qayta tekshiruvdan o‘tkazildi. Kerakli muolajalar zudlik bilan amalga oshirildi. O‘zbekistonda bizni maxsus jihozlangan “Tez tibbiy yordam” avtomashinalari kutib oldi va bemorlar zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetkazildi.
Jarohatlanganlar orasida qoraqalpog‘istonlik 34 yoshli Omirbek Haytbayevning jarohati ancha og‘ir edi. Agar unga o‘z vaqtida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, hayoti xavf ostida qolayotgan edi. Shifokorlarning shoshilinch ravishda urinishlari natijasida Omirbek Haytbayevda murakkab jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Hozir bemor o‘zini yaxshi his qilmoqda.
Hozirda O‘zbekistonga keltirilgan fuqarolarga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida malakali tibbiy-jarrohlik muolajalari ko‘rsatilmoqda. 20-aprel soat 12:00 gacha ularning ikki nafariga murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lsa, ayni paytda yana uch nafar bemor operatsiya stoliga olingan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida halokat oqibatida jabrlanganlarga yuqori malakali tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Qo‘shimcha dori-darmon va tibbiy vositalar yetkazib berilgan.
Izoh (0)