O‘tgan hafta yurtimizga dunyoning nufuzli siyosiy arboblari tashrif buyurdi, Shavkat Mirziyoyev xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. Shu bilan birga, muhojirlar fojialari o‘zbekistonliklarni chuqur qayg‘uga soldi.
Hafta boshida qo‘shni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev O‘zbekistonga keldi. U Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ikki mamlakat transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. O‘zbekistonda Qozog‘iston yili boshlandi.
* * *
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro e’tiroflarga loyiq topildi. Ma’lumki, Mirziyoyev o‘tgan yilning dekabrida “Osiyoda yil odami” deb topilgandi. Shu yilning 31-may kuni Toshkentda Osiyo jurnalistlarining mediaforumi o‘tkaziladi va 20 dan ortiq davlat vakillari ishtirokida O‘zbekiston prezidentiga “Osiyoda yil odami” mukofoti topshiriladi.
Shu bilan birga, Turkiyaning Ipekyolu strategik tadqiqotlar markazi hamda Broadcasting Group “Yilning davlat arbobi” nominatsiyasi bo‘yicha mukofotga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni munosib ko‘rgan. Mukofotni prezident nomidan Istanbuldagi bosh konsul Shuhrat Aminov qabul qilib olgan.
* * *
Markaziy bank matbuot anjumanida Humo kartalarini chiqarish joriy yil 1-maydan boshlanishini ma’lum qildi. Sinov tartibida Markaziy bank va tijorat banklari xodimlari uchun bir nechta karta chiqarilgan. Yangi kartalar egalari to‘lov muammosiga duch kelmasliklari uchun terminallar o‘rnatilgan; hozircha ushbu terminallar UzCard kartalarini qabul qilmaydi, ammo kelajakda bu muammo bartaraf etiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yillari Uzcard tizimidagi nosozlik sabab mamlakat to‘lov munosabatlarida bir necha bor uzilishlar kuzatildi. Yangi tizim bunday holatlarni bartaraf etishi kutilmoqda.
* * *
Mamlakatimizning valyuta zaxiralari 400 million dollarga kamayganligi xabar qilindi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 1-aprel kuni mamlakatning valyuta zaxiralari 26,9 milliard dollarni tashkil etgan. Ularning 14,4 milliard dollari monetar oltindir. Aytish kerakki, valyuta zaxiramiz yil boshidan beri birinchi mata kamayishidir.
* * *
18-aprel kuni Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In Toshkentga keldi. Mun Chje In poytaxtda tantanali kutib olindi. U Toshkentdagi Inha universitetida mehmon bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje In O‘zbekiston-Janubiy Koreya biznes-forumining ochilish marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, Janubiy Koreya prezidenti oilasi bilan Samarqandga tashrif buyurib, Registon maydonini tomosha qildi. Unga Mirziyoyev oilasi bilan hamrohlik qildi.
* * *
19-aprel kuni Fransiyaning Ryuey-Malmezon shahridagi “Do‘stlik” istirohatgohida o‘zbek bog‘i ochildi va ulug‘ qomusiy olim Abu Ali Ibn Sino haykali o‘rnatildi. Unda Buxoro hokimi boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
* * *
Rossiyaning Orenburg viloyatida jasad qoldiqlari, pasport va telefon topildi. Pasport 1996-yilda tug‘ilgan navoiylik Sardor Norboyevga tegishli bo‘lib chiqdi. 23 yashar yigit qishda Qozog‘istondan Rossiya chegarasini noqonuniy ravishda kesib o‘tmoqchi bo‘lgani va sovuqdan muzlab qolgani taxmin qilinmoqda. Biroq ayrim kuzatuvchilar DNK tahlillari natijasi hali chiqmagani bois aniq xulosa qilishga erta deydi.
Orenburgda jasad qoldiqlari topilganidan uch kun o‘tgach, Qozog‘istonning Jambul viloyatida yo‘lovchi avtobusi ag‘darilib, 11 kishi nobud bo‘ldi. Halok bo‘lganlarning uch nafari o‘zbekistonlikdir. Shuningdek, avtobusda bo‘lgan 13 nafar o‘zbekistonlik tan jarohati olganini FVV xabar qildi.
“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.
Izoh (0)