Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil dekabrida Osiyo jurnalistlari assotsiatsiyasi (AJA) tomonidan “Osiyoda yil odami” deb topilgan va o‘shanda mukofot laureatlarini taqdirlash marosimi AJA’ning 2019-yil bahoridagi Bosh assambleyasi chog‘ida bo‘lib o‘tishi bildirilgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqasida totuvlik o‘rnatilishi va qo‘shni davlatlar bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga katta hissa qo‘shgani munosabati bilan mukofotning “Siyosat” nominatsiyasida g‘olib deb topilgan.

Assotsiatsiya a’zosi, “Namanganskaya pravda” gazetasi bosh muharriri Dilmurod Jumaboyevning  “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Toshkentda joriy yil 31-may kuni Osiyo jurnalistlari assotsiatsiyasi media-forumi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

20 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etadigan media-forum davomida O‘zbekiston rahbariga “Osiyoda yil odami” mukofoti topshirilishi ko‘zda tutilgan.