Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, 2018-yilda tug‘ilgan Umaraliyev Abubakir Jasurovichni, qarzdor J.Gulamnazirov qaramog‘idan, undiruvchi A.Augambayeva tarbiyasiga olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Yangiyo‘l tuman bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan bo‘lib, shu kunning o‘zida ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda MIB matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur ijro hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida, qarzdor ro‘yxatda turib istiqomat qiladigan Yangiyo‘l tumanidagi manzilga borilganda, avvaliga J.Gulamnazirov bolani onasiga berishdan bosh tortgan.
Qarzdor va uning ukasi, ijro harakatlarini olib borishga to‘sqinlik qilib, haqoratlab, kuch ishlatmoqchi bo‘lgan. Shunga qaramay, bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan undiruvchi, xolislar va profilaktika inspektori guvohligida qizcha onasi qo‘liga topshirildi.
Yana bir shu kabi holat, sudning ijro varaqasiga asosan taraflarning 2013-yilda tug‘ilgan Ravshanova Munisa Doston qizini otasi, qarzdor D.Olimboyevning qaramog‘idan, onasi, undiruvchi N.Olimboyevaning tarbiyasiga olib berish belgilangan.
Majburiy ijro harakatlari haqida qarzdor ham xabardor qilingan edi. Shunday bo‘lsa-da, yashash manziliga chiqilganida, uyda bola yo‘qligi sabab, ijro harakatlari keyinga qoldirilgan va bu holat bir necha bor takrorlangan.
Byuro davlat ijrochilarining harakatlari natijasida farzand va uni bekitib yurgan ota topilgan. Tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, qarzdordan tilxat olinib, 2013-yilda tug‘ilgan qizcha onasi, undiruvchi N.Olimboyeva tarbiyasiga olib berildi.
Izoh (0)