Bosh prokuratura Lacetti mashinasida fuqaro S.S.ni (ayol kishi) yalang‘och qilib, videoga olib, uni internetda tarqatib yuborgan fuqaro Sh.B.ga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘amasligini ma’lum qilgan. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova ma’lum qilgan.
Aniqlanishicha, fuqaro Sh.B. 2018-yilning sentabr oyida o‘ziga tegishli bo‘lgan mashinada fuqaro S.S.ni (ayol kishi) yalang‘och qilib, ushbu holatni videoga olib, uni internetda tarqatganligi holati yuzasidan Bog‘ot tuman IIB jinoyat qidiruv bo‘linmasi bildirgisiga asosan tuman tergovga qadar tekshirish o‘tkazilib, shu yilning 23-fevralida Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandi va 325-moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan.
Tergov ishi jinoyat Sh.B. tomonidan sodir qilinganligi aniqlangan bo‘lsa-da, fuqaro S.S. unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, u bilan 2017-yildan buyon yaqin munosabatda bo‘lib kelayotganligi sababli javobgarlikka tortish uchun murojaat qilmay, tuman IIB boshlig‘i nomiga tekshirish harakatlarini to‘xtatishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgan.Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan yuqoridagi holat bo‘yicha Bog‘ot tuman IIB tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar o‘rganilmoqda.
Izoh (0)