Toshkentning Shayxontohur tuman soliq inspeksiyasi faoliyatida korrupsiya holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Mazkur DSI xodimlari ustidan muntazam ravishda tamagirlik va korrupsiyadan dalolat beruvchi shikoyatlar kelib turgan. Ular uzoq yillar davomida davlat yoki budjet manfaatlari uchun emas, balki g‘arazli maqsadlari yo‘lida faoliyat olib borib, tadbirkorlar chorasizlikdan ilingan “korrupsiya to‘ri”ni tashkil etgan.
15 yil davomida Shayxontohur tuman DSIda biror marta ham rotatsiya, ya’ni almashinuv amalga oshirilmagan. Bu esa inspeksiya xodimlari til biriktirgan holda korrupsion faoliyat olib borishiga imkoniyat yaratgan.
Natijada budjetni to‘ldirishi va davlatning ijtimoiy poydevorini mustahkamlashi mumkin bo‘lgan mablag‘lar ularning shaxsiy cho‘ntaklariga tushgan.
Shu bois Shayxontohur DSI xodimlarining kelgusi korrupsion harakatlariga chek qo‘yishga qaratilgan aniq choralarni amalga oshirish zarurati tug‘ildi. Davlat soliq qo‘mitasi raisining uch o‘rinbosari boshchiligida tashkil etilgan maxsus komissiya hududga yuborildi va hozirgacha inspeksiya xodimlarining noqonuniy harakatlarini aniqlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.
Mavjud ma’lumotlar, shuningdek, o‘rganishlar natijasidan kelib chiqib, korrupsion harakatlarga jalb etilgan xodimlar bosqichma-bosqich ishdan bo‘shatildi. Qolgan xodimlar maxsus komissiya attestatsiyasidan o‘tkaziladi va lavozimiga muvofiqligi, mansab majburiyatlariga mas’uliyat bilan yondashishi ko‘rib chiqiladi.
Izoh (0)