Oliy majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti Xalqaro kutubxonalar assotsiatsiyalari federatsiyasiga (IFLA — International Federation of Library Associations) a’zo bo‘ldi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Bu nohukumat tashkilot 150 ta mamlakatdagi 1 ming 600 dan ortiq kutubxonalar, milliy kutubxona tashkilotlari va axborot xizmatlarini o‘zida birlashtiradi.
Institut uchun IFLA’ga a’zolik xalqaro g‘oyalar va axborot almashinuvi tarmog’ining bir bo‘lagiga aylanishi, turli sohalarda tadqiqotlar o‘tkazish uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatini beradi. Mutaxassislar va tahlilchilar bu resurs orqali turli maqola va nashrlar, istiqobolli loyihalar va yillik konferentsiyalar haqida ma’lumotlar olish imkoniga ega bo‘ladi.
А’zolik orqali institut professional muhokamalar, dialog va boshqa turli tadbirlarda ishtirok etish, dolzarb masalalarni global darajaga olib chiqish huquqini qo‘lga kiritdi.
Mazkur tajriba institut ilmiy salohiyatini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari faoliyatini axborot-tahliliy ta’minlash maqsadida olib borilayotgan tadqiqot ishlari samaradorligining oshishiga xizmat qiladi.
Izoh (0)