Buxoro shahri Muxtor Ashrafiy nomidagi 16-mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi sayyohlar qatnaydigan asosiy ko‘chalardan biri Darvozai o‘g‘lon asfaltlanmagan, kanalizatsiya quvurlari ta’mirga muhtoj, simyog‘ochlar nosoz...

Foto: “Daryo”

Buxoro shahar markaziy ko‘chalarini obodonlashtirish, uning me’moriy qiyofasini yangilash bo‘yicha samarali ishlar bajarilgan bo‘lishiga qaramay, ancha yildan buyon muammosini bartaraf etish ustida jo‘yali bosh qotirilmagan holatlar ham yo‘q emas. Ta’mirlash va asfaltlash ishlari faqat katta yo‘l bo‘yida amalga oshirilgan. Mahallaning bir nechta ichki ko‘chalari noxush manzara kasb etgan.

Foto: “Daryo”

— Ko‘chamizda 35 ta xo‘jalik mavjud. Uch yildan buyon ko‘chamizni asfaltlash bo‘yicha va’dalarni eshitib kelamiz. 2018-yil iyul–avgust oylarida suv quvurlari almashtirildi. Lekin naridan-beri tekislab ketildi. Qishda loy, yozda chang. Ko‘chamizning nosozligi battar ortdi. Yomg‘ir kunlari ko‘chamiz tugul, xonadonlarimizga kira olmaymiz. Darvoza ostigacha yomg‘ir suvidan to‘ladi. Murojaatimiz esa mutasaddilarni qiziqtirmayapti, — dedi fuqaro Sojida Tillayeva.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Aholini ko‘p yildan buyon qiynab kelayotgan ushbu masalaga aniq yechim topilmagan. Ko‘cha ahvoliga sustkashlik bilan qaralgan. Ko‘cha ta’mirga muhtoj, asfaltlanmagan. E’tiborli jihati, Darvozai o‘g‘lon ko‘chasi shundoq O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro shahar “Bolo hauz” jome’ masjidi orqa muyulishida joylashgan. Har kuni yuzlab sayyohlar ziyoratga keladi.

Foto: “Daryo”

Aholining bildirishicha, Darvozai o‘g‘lon sayyohlar qatnaydigan asosiy ko‘chalardan biri. Elektr tarmoqlarida tez-tez uzilishlar sodir bo‘ladi. Simyog‘ochlar va elektr o‘tkazuvchi simlar nosoz. Buning oqibatida ko‘cha kechqurunlari qorong‘i bo‘ladi, yorug‘lik yo‘q.

Foto: “Daryo”

— Hududlardagi sektorlar xalqning muammolaridan xabardor bo‘lishi kerak. Lekin oradan shuncha vaqt o‘tishiga qaramasdan, bizning aholimiz sektor rahbarini ko‘rmagan. Hududimiz 3-sektorga qarashli. 62 yildan buyon shu ko‘chada yashayman. O‘n yil davomida shahar hokimi ijroiya qo‘mitasi muovini bo‘lib ishlaganman. Ikki marta yo‘lni asfalt qildirganman. Har bir inson qaysi lavozimda ishlamasin, o‘z ishini sidqidildan bajarishi, nonini halollab yeyishi kerak. Qani sektor, sektorni rahbari kim? Birorta aholi ko‘rgani yo‘q. Darvozama-darvoza yursin, aholining ahvolini so‘rasin. Har bir darvoza oldida suv quvuri bor, lekin suvoqava tizimi, kanalizatsiya quvurlari nosoz. Har bir xonadon bir million so‘mdan to‘langlar, biz borib taxlab teramiz, deyishganiga hayron qoldik, — dedi Muxtor G‘afurov.

Foto: “Daryo”

Aholining murojaati va ko‘chaning nosoz ahvoliga mutasaddilar nega ko‘z yumgan?

— Elektr kuchlanishi juda past. Konditsioner, muzlatgichlar ishdan chiqdi. Ko‘chamizning “ertaga to‘kilib, yiqilib ketaman” ko‘yi nosoz turgan simyog‘ochlarini ta’mirlash va tungi yoritish tizimlarini yangilash uchun, mayli, pul yig‘ib, elektr simlariniyam olib beramiz. Faqat bizga ta’mirlab, sozlab berishsin. Ammo biz uchun hozir eng muhimi, ko‘chamizni asfaltlash masalasi. Suv quvurlarini almashtiramiz, deb yo‘lni buzishdi, ammo oxirigacha tuzatishmadi. Shu holda qoldirib ketishdi, — dedi fuqaro Akmal Narzullayev.

Foto: “Daryo”

Mahalliy aholining aytishicha, bu boradagi shikoyat bilan murojaat qilinmagan joyning o‘zi qolmagan. Natijasi esa haminqadar.

— Televideniyeda ham “Muloqot” ko‘rsatuvida chiqib, shaxsan o‘zim ko‘chamizning abgor ahvoli haqida so‘zladim. Lekin foydasi bo‘lmadi. Mutasaddi rahbarlar ko‘z yumib kelishdi, — dedi shu ko‘chada yashovchi fuqaro Maqsad Salimova. — Yog‘in-sochinli kunlarda ta’ziya bo‘lib qolsa, aholi o‘z kuchi bilan o‘nqir-cho‘nqir va yomg‘ir suvidan hosil bo‘lgan ko‘lmaklarga shag‘al yotqizadi. Oradan bir necha kun o‘tmay, azbaroyi mashinalar qatnovidan shag‘allar yoyilib, ko‘cha yana eski ahvolga kelib qoladi.

Murojaat joyida ko‘rib chiqildi: shag‘al keltirildi, texnik vositalar jalb etildi... Aholi nimadan norozi?

— Sektor rahbari sifatida o‘zim ham, sektor vakillari ham doimiy ravishda tegishli hududlarda bo‘lib, xonadonma-xonadon yurib, aholi holidan xabar olamiz. Baholiqudrat, masalalar o‘z joyida bartaraf etilyapti. Darvozai o‘g‘lon holati bo‘yicha esa aynan bizga birinchi marta murojaat bo‘lyapti. Shunga qaramasdan, ichki yo‘lning ta’mirtalabligi nuqtayi nazaridan, hozirning o‘zidayoq ko‘chaga shag‘al yetkazilib, uni yotqizish va tekislash uchun texnik vositalar jalb etiladi. Biroq aynan ichki ishlar organi sektori ushbu ko‘chani asfaltlab berish majburiyatidan yiroq. Shu o‘rinda ta’kidlashim joizki, ko‘cha mo‘ljallangan manzilli dasturga kiritilgan bo‘lsa, demak, shu asosda to‘liq ta’mirlanadi, — dedi Buxoro viloyat IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari Shuhrat Aliyev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda.

Shunday bo‘ldi ham. “Daryo”ga murojaat etilgan sana – joriy yilning 11-aprel kuni Darvozai o‘g‘lon ko‘chasiga 3-sektor tomonidan 3 mashina shag‘al keltirildi. Mutasaddilar sa’y-harakati bilan ko‘chani sozlash va tekislash maqsadida texnik vositalar jalb etildi. Ishchi kuchi biriktirildi.

Foto: “Daryo”

— Mana, qo‘limga Buxoro shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Axtam Ahmedov hamda Buxoro shahar hokimi Karim Kamolovning 2017-yilning iyul oyida va’dalar bilan to‘ldirilgan xati turibdi. Bir necha yildan buyon ko‘chamizni manzilli dasturga kiritilgan, deb kelishadi. Aslida, bunday emas ekan, — dedi fuqaro Muxtor G‘afurov. — Murojaatimiz uchun shag‘al yetkazilibdimish. Axir bu qanday holat? Avval suv qochirish yo‘llarini ta’mirlash, suvoqava quvurlarini sozlash zarur. Hozir shag‘al yotqiziladi. Ammo asosiy muammo shag‘al ostida qolib ketaveradi. Xo‘jako‘rsinga ish yaramaydi.

Aholining bildirishicha, avtomobillar qatnovi ham yo‘lning cho‘kishiga sabab bo‘lib kelmoqda. Yerosti bo‘sh va nosoz. Yog‘ingarchilik kunlari ko‘chadan transport vositalarining ham, piyodalarning ham qatnovi og‘ir.

— Shu paytgacha shag‘alni o‘z mablag‘imiz evaziga olganmiz. Harqalay, bu gal hudud sektoriga qilgan murojaatimiz e’tiborsiz qoldirilmadi. Yog‘in-sochinli kunlardan omon-eson o‘tib olsaydik tezroq, — dedi Sojida Tillayeva.

Foto: “Daryo”

Muxtor Ashrafiy nomidagi 16-sonli mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ochil Majidovning o‘zi ham juda ko‘p idora, tashkilotlarga murojaat etgani, ushbu yuzasidan Buxoro shahar hokimining bir necha marotaba kelgani, ayni paytda shahar bo‘yicha mavjud barcha ichki va tashqi yo‘llarni asfaltlash va sozlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotgani, xususan, Darvozai o‘g‘lon ko‘chasi ham nazoratda ekanligini ta’kidlaganini bildirdi.

11-aprel kuni to‘kilgan shag‘allar 12-aprel kuni tekislandi. “Yillar davomida bizni qiynab kelayotgan masala kechagina qilingan murojaat bilan yechim topdi. Bu ishga bosh-qosh bo‘lgan mutasaddi rahbarlarga, “Daryo” tahririyatiga minnatdorlik bildiramiz. Boshqa masalalar ham bosqichma-bosqich hal etilib, ko‘chamiz obodligi yanayam ta’minlanishiga ishonamiz”, — dedi fuqaro Ashur Sherov.

Foto: “Daryo”

16 ta ko‘cha mavjud mahallada bolalar o‘yingohi yo‘q

Muxtor Ashrafiy mahallasida 16 ta ko‘cha mavjud. Shundan Chorbakr ko‘chasi, Zebuniso, Usta Rohil, Darvozai o‘g‘lon, Pista Shiron, Chashmayu Ayub ko‘chalari, ya’ni 6 ko‘cha, 7 muyulish ta’mir va asfaltlashga muhtoj. 2893 nafar aholi, 503 ta xonadon, 531 ta oila bor. Biroq mahallada bolalar o‘yingohlari yo‘q. Bolalar o‘z darvozalar tagida yoki tor, ammo serqatnov ko‘cha chetlarida o‘ynaydi. Bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun imkoniyat yaratilmagan. Chunki, bo‘sh joyning o‘zi yo‘q. Qattiq yog‘ingarchilik kunlarida esa Darvozai o‘g‘lonning aksariyat bolalari maktabga qatnamaydi.

Foto: “Daryo”

Mahalladagi Chorbakr va Chashmayu Ayub ko‘chalari ahvoli ham e’tiborni tortmay qo‘ymaydi. Xususan, Chashmayu Ayub ko‘chasida anchadan buyon hech qanday obodonlashtirish ishlari olib borilmagani shundoq ko‘rinib turibdi. Bundan olti oy ilgari yerosti suv quvurlarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilgandan keyin ish oxiriga yetkazilmagan. Ag‘dar-to‘ntar holatda tashlab ketilgan. Bu achinarli manzarani bartaraf etish haqida ham hech kim bosh qotirishni istamagan ko‘rinadi. Yo‘l chetidagi ag‘dar-to‘ntar qismi chiqindilar uyumiga to‘lgan.

— Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-apreldagi 05/1-299-sonli “Buxoro viloyati ichki xo‘jalik yo‘llarini, shahar ko‘chalari, tuman markazlari, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlari avtomobil yo‘llarini xatlovdan o‘tkazish” to‘g‘risida tasdiqlangan qaror ijrosi yuzasidan jori yilda Buxoro shahridagi barcha ko‘chalar, posyolka va mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlaridagi avtomobil ichki yo‘llari qayta xatlovdan o‘tkazilib, barcha nosoz va ta’mirtalab ko‘chalardagi muammolar bosqichma-bosqich to‘liq bartaraf etiladi, — dedi Buxoro shahar hokimligi apparati yetakchi mutaxassisi Oybek Do‘stov.

Buxoro shahri mutasaddilari va yo‘l ta’miri mas’ullarining bu borada amaliy ishlarni bajarsalar, ajab emas.

Muallif:Laylo Hayitova