D.M. ismli shaxs qalbaki kvitansiyalar tayyorlab, aholidan jami 15,292,176 so‘m pulni noqonuniy undirgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Nosoz gaz uskunalari orqali gazdan foydalanish inson hayoti va sog‘ligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Buning oldini olish uchun aholini gaz bilan ta’minlashga mutasaddi idora xodimlari har yili gaz uskunalarini majburiy ko‘rikdan o‘tkazadi. Ushbu xizmat uchun aholidan belgilangan miqdorda to‘lov undiriladi.
Biroq, aholini gaz bilan ta’minlashga mutasaddi idorada ishlovchi ayrim nopok xodimlar aholini gaz bilan ta’minlash jarayonida xizmat ko‘rsatishda ularning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini emas, balki o‘z nafslarini o‘ylab ish tutayotganliklari aniqlandi.
Jinoyat ishi tafsilotlariga ko‘ra, D.M. 14.09.2017 yildan 13.07.2018 kuniga qadar “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali Toshloq tumanlararo uchastkasidagi aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash uchastkasida gaz uskunalarini ta’minlash va ekspulatatsiya qilish bo‘yicha chilangar vazifasida ishlab kelgan. O‘zi ishlagan davrda qalbaki kvitansiyalar tayyorlagan, ulardan foydalanib Toshloq tumani hududida yashovchi 744 nafar fuqaroga taqdim qilgan. Buning uchun fuqarolardan go‘yoki joriy ko‘rik uchun 20,554 so‘mdan, jami 15,292,176 so‘m pulni olib, ularni hisobotda ko‘rsatmasdan va tumanlararo gaz uchastkasiga toshpirmasdan o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Izoh (0)