Bugun, 11-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga atoqli tilshunos olim, professor Otaqo‘zi Azizovning shaxsiy kutubxona fondi sovg‘a qilindi. Bu haqda universitet matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, olimning 3000 dan ortiq turli tillardagi badiiy, ilmiy, ommabop va qomusiy kitoblari universitet kutubxonasiga talabalar foydalanishi uchun topshirilgan. Taqdim qilingan kitoblar 6 tilda. Ularning katta qismi ilmiy-metodik asarlar. Kitoblarning katta qismi esa qayta nashr etilmagan noyob asarlardir.
Shu kuni universitetda Otaqo‘zi Azizov nomidagi rus tili va adabiyoti o‘quv xonasi ham tashkil etildi. Ochilish marosimida Rossiya fan va madaniyat markazi xodimlari, olimning shogirdlari, hamkasblari va oila a’zolari ham ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, Otaqo‘zi Azizov 1910-yilda tavallud topgan. Olim O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor, Rossiya Ta’lim akademiyasining chet el muxbir a’zosi.
Olim umrini o‘zbek tilshunosligi, leksikografiyasi, rus va o‘zbek tillarining qiyosiy o‘rganish masalalariga bag‘ishlagan, darsliklar, ruscha-o‘zbekcha va boshqa lug‘atlar tuzgan. O‘zbekistonda rus tilini fan sifatida o‘qitish metodikasini ishlab chiqqan. Bir muddat Nizomiy nomidagi TDPIda ishlagan va umrining oxirigacha O‘zbekiston Milliy universitetida ishlagan.
Izoh (0)