Andijon shahrining Bog‘ishamol dahasida “Xon” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan besh gektar maydonda bunyod etilgan hayvonot bog‘i foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Uch yil mobaynida 12 milliard so‘mdan ortiq jamiyat raisi Muxtorjon Halilovning hamda bankdan olingan kredit mablag‘lari hisobiga katta hajmdagi qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan.
Saksonga yaqin qafasga turli qit’alardan keltirilgan afrika ilonlari, timsohlar, sherlar, gavaya makakalari, emu tovusi (Avstraliya), o‘rdak va oqqushlar, shuningdek, yopiq pavilyonlarga esa qushlar hamda suv osti jonzotlari olib kelinib, parvarishlanmoqda. Hayvonot bog‘ining yuqori qismida esa kelgan mehmonlar uchun turli ko‘rinishdagi attraksionlar, salqin ichimliklar va muzqaymoq kafesi, avtodrom, batut majmuasi, dorbozlar maydoni ham qurilgan.
Ochilish marosimida ishtirok etgan kam ta’minlangan oila farzandlari, bolalar shaharchasida tarbiyalanayotgan, jami 700 nafarga yaqin kichkintoylar hayvonot bog‘ining birinchi mehmonlari bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 30-dekabr kuni Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi hayvonot bog‘ida sherlar qorovulni g‘ajib tashlagandi.