1-aprel kuni Toshkentning Yunusobod tumanidagi “Shayx-shibli” mahallasi yaqinidagi avtoturargoh yonida 59 yoshli ayol tilanchilik bilan shug‘ullangani uchun qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ayol yanvar oyida xuddi shu qoidabuzarlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan va eng kam oylik ish haqining yarim barobari miqdorida jarima solingan. Ammo u tilanchilik qilishda davom etgan.
Natijada unga nisbatan Jinoyat kodeksining 127-1-moddasi 1-qismi (“Tilanchilik”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 127-1-moddasiga ko‘ra, tilanchilik bilan shug‘ullanish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)