Joriy yilning 25—28-mart kunlari O‘zbekiston Mudofaa vazirining o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig‘i general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi harbiy delegatsiya Belarus Respublikasining Harbiy akademiyasida rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Ikki mamlakat oliy harbiy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muloqot davomida, O‘zbekiston-Belarus harbiy bilim yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olingan.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar o‘rtasida professor-o‘qituvchi kadrlarning malakasini oshirish, yuqori malakali ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash masalalari muhokama qilingan. Bundan tashqari, harbiy san’atning dolzarb muammolari bo‘yicha hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va ularning natijalari bo‘yicha harbiy-ilmiy (ilmiy-amaliy) anjumanlarni tashkillashtirish bo‘yicha bayonnoma imzolangan.
Tashrif davomida O‘zbekiston harbiy delegatsiyasi vakillari Belarus Harbiy akademiyasida harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, kursantlarning sifatli ta’lim olishi, yashashi va mazmunli hordiq chiqarishi, shuningdek, harbiy-ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishgan.
Izoh (0)