O‘tayotgan haftada dunyo matbuotida qanday voqealar muhokamalarga sabab bo‘ldi, qanday siyosiy va ijtimoiy mavzular dunyo tabloidlarining bosh sahifasidan o‘rin oldi — “Daryo.uz”ning haftalik dayjesti aynan shularga to‘xtalib o‘tadi.
Gitlerning mo‘ylovi — yovuzlik timsoli
Der Spiegel nashrining yozishicha, Gitler qo‘yib yurgan cho‘tkacha mo‘ylab yovuzlik timsoli bo‘lib qoldi. Gitler qanday qilib shu modada to‘xtagan?
Jurnalist Gvida Klyaynxubbertning ta’kidlashicha, gitlercha mo‘ylov qo‘yganlar darhol natsistlarga xayrixoh ekanlikda shubha uyg‘otadi. Gitlercha mo‘ylov siyosatchilarni obro‘sizlantirishning ham bir usuli bo‘lib qoldi. Masalan, Yevropada moliyaviy inqiroz avj nuqtasiga chiqqan paytda italyan va grek gazeta-jurnallarida Angela Merkelning gitlercha mo‘ylov qo‘yilgan karikaturalari ko‘payib ketgandi.
Madaniyatshunos Fridrix Titenning qayd etishicha, Gitler taniqli bo‘lishi ustida ko‘p bosh qotirgan. Gitlerning Birinchi jahon urushi paytida tushgan suratlarida to‘rtburchak bilan emas, keng mo‘ylovlar bilan ko‘rinadi.
Urushdan keyingi 20-yillarda uning aniq rasmi bo‘lmagan. Aniqrog‘i, 1923-yildan keyin Gitlerning hammaga ma’lum cho‘tkacha mo‘ylovdagi qiyofasi paydo bo‘lgan. U vaqtda bunday mo‘ylov urf bo‘lmay, hattoki tanqid ham qilinar edi. Ammo Gitler bunga parvo qilmagan.
Kayzer Vilgelm uslubidagi yoki boshqacha buralgan mo‘ylovlar Gitlerga mos kelmas edi. Bosh natsistga qat’iyroq, keskinroq tus beradigan uslub kerak edi.
Gitler hokimiyat tepasiga kelgach, unga taqlid qiluvchilar ko‘payib boravergan. Gitlercha mo‘ylov fyurerning timsoliga aylangan, obraz bo‘lib qolgan.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng bunday mo‘ylovlar Adolf ismi kabi urfdan chiqdi, g‘oyib bo‘ldi. Bu mo‘ylov Germaniyada hattoki kompyuter o‘yinlaridan ham olib tashlandi. 2017-yilda Wolfenstein 2 o‘yinida diktator mo‘ylovsiz qiyofada namoyon etildi.
Mo‘ylov svastika kabi eng mashhur belgiga aylandiki, unga qarab hattoki hayvonlarni ham natsistlarnikidek deb baholash mumkin.
“Gitler o‘ldi, ammo uning mo‘ylovi tirik”, — deb ta’kidlaydi Titen.
Donald Tramp Rossiya bilan til biriktirmagan
The Washington Post gazetasi Tramp Rossiya bilan til biriktirmagan, lekin u Myuller meni oqladi deb adashyapti, degan mazmunda maqola chop etdi.
Maxsus prokuror Robert Myuller ikki yillik tergov-surishtiruv ishlaridan so‘ng Trampning Rossiya bilan bitim tuzgani asossiz ekanligi haqidagi ma’lumotni e’lon qilgan. O‘sha paytda Kaliforniyada bo‘lgan Tramp Myuller hisobotini g‘alaba sifatida kutib oldi.
Ammo Kongressdagi demokratlar bayonotning ikkinchi qismi, ya’ni Tramp va uning shtabi a’zolari rus tomonining vakillari bilan muzokara bo‘lib o‘tgani aniq emasligi va Tramp huquqni muhofaza qilish idoralariga bosim o‘tkazgani masalasida shubha bildirib, adliya vazirligining yuqori mansabdorlarini so‘roq uchun chaqirishlarini bildirishdi.
Tramp ayni paytda asosiy ayblovlardan qutulganday, ammo demokratlar kurashni davom ettirmoqchi.
Saylov kampaniyasi yaqinlashgani sari AQSh siyosiy hayotida qiziq voqealar bo‘lishini kutsak bo‘laveradi.
Yangi prezidentlik saylovlarida Trampga qarshi kurashish uchun jiddiy raqiblar tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tramp esa ikkinchi marta ham prezidentlik saylovida g‘alaba qilmoqchi.
Qirollik oilasi farzandlariga ism qanday tanlanadi?
The Independent nashrining yozishicha, shahzoda Garri va gersoginya Megan Sassekslar bahorda farzand ko‘radi. Hozirda Tumanli Albionda barchaning og‘zida go‘dakka qanday ism qo‘yilishi borasidagi muhokamalar keng urchigan.
Britaniyada qirollik oilasida bolaga farzand qo‘yishda muayyan an’analarga asoslaniladi. Shajaraga ko‘ra eng ko‘p qo‘yiladigan ism o‘g‘il bolalar uchun Albert, qizlar uchun Viktoriya. 1819-yilda tug‘ilgan qirolicha Viktoriyadan so‘ng qirollik oilasida 12 ta Albert va to‘qqizta Viktoriya dunyoga kelgan.
Britaniyada go‘dakka qanday ism qo‘yilishi borasida hattoki bukmekerlar stavka qabul qilmoqda. Skybet bukmekerlik saytidan ma’lum bo‘lishicha, go‘dakka Viktoriya, Izabella yoki Jeyms deb ism qo‘yilishi borasidagi garovlar o‘nga bir bo‘lib turibdi ekan. Diana ismi tarafdorlari esa 12:1 nisbatda garovga pul tikib qo‘ygan.
Gersog va gersoginya Sassekslar farzandlariga ism qo‘yishda qirolichaning fikriga ham quloq soladi, albatta.
Yevropa: qudratlimi, qurbonmi?
The New York Times nashri “Yevropa qudratlimi yoki qurbonmi?” sarlavhali maqola chop etdi. Maqolada aytilishicha, Putin Rossiyasi, Si Szinpin rahbarligi ostidagi Xitoy va Tramp Amerikasi Yevropaga bosim o‘tkazmoqda. Uch taraflama turli maqsadlarda siquvga olinayotgan Yevropaning o‘zida turli oqimlar o‘rtasida kurash borki, bu Yevropaning kelajagiga katta ta’sir ko‘rsatishi tayin. Yevropa yo uch qudratli davlat o‘rtasida o‘ljaga aylanishi, yoki qudratini saqlab qolishi mumkin.
Rossiya Yevropaga nisbatan qanday o‘yin olib borayotgani ma’lum, qolaversa, keyingi ikki yil ichida u Avstriya, Italiya va Niderlandiyada o‘z iqtisodiy faoliyatini yanada kengaytirdi. Rossiyaning maqsadi Yevropa Ittifoqining birligini zaiflashtirishdir.
Xitoy esa masalaga boshqacha yondashmoqda. Yangi Ipak yo‘li g‘oyasi ostida u Yevropani o‘ziga bog‘lab olmoqchi. Ana shu maqsadda Pekin Yevropa janubiy darvozalarini ochmoqda. Shu maqsadda Afinada port ham sotib oldi. Sining Fransiya va Italiyaga olti kunlik tashrifi Yevropaning kuchi va boyligini tekshirib ko‘rishdan iborat.
Yevropaning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan AQShning Xitoy bilan o‘z “urushlari” avvalo savdo sohasida, so‘ngra texnologiya sohasida davom etmoqda. Bu esa Yevropaning iqtisodiy o‘sishini sekinlashtirmoqda. Tramp ma’muriyati Yevropaga goh raqib, goh vassal sifatida qaramoqda. Birorta hafta Trampning Yevropaga do‘q va po‘pisalarisiz o‘tmayapti. Masalan, Eron yadro bitimi, Suriyadan AQSh qo‘shinlarini olib chiqish borasidagi masalalarda Yevropa manfaatlari nazar-pisand qilinmadi. Yevropaga turli xil ohangdagi buyruqlar yuborilyapti.
Yevropa iqtisodiy va siyosiy jihatdan birlashmog‘i kerak. Buning uchun Yevropa Ittifoqiga kirgan 28 davlat yaxlit harakat qilmog‘i, o‘zaro kelishmovchiliklarni bartaraf qilishi zarur. Yevropa oldida turgan muammolarni bartaraf qila olarmikin? Kuzatib boramiz.
Izoh (0)