Navro‘z bayrami munosabati bilan Xorazm viloyatining barcha hududlarida, korxona va tashkilotlarda “Navro‘zing muborak, O‘zbekistonim!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Navro‘z bayramini ko‘tarinki kayfiyatda kutib olish, aholiga qulaylik yaratish maqsadida asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkalarini tashkil etish an’anaga aylangan. Unga muvofiq, ayni paytda joylarda bayram yarmarkalari tashkil etilmoqda. Birgina Urganch shahrida joylashgan Markaziy dehqon bozori hududidagi Navro‘z bayrami yarmarkasida viloyatning barcha tumanlari uchun alohida rastalar ajratilgan bo‘lib, bu yerda qayta ishlash korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar, dehqonlar ona zaminimizda yetishtirilgan turli xil oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. “Navro‘z bayrami yarmarkalari” rastalarida 26 turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aholiga arzon narxlarda taklif etilmoqda. Bayram yarmarkalarida mahsulotlar narxining bozorga nisbatan arzonligi aholiga birdek manzur bo‘lmoqda. “Bugungi yarmarkada oilamiz uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni arzon narxlarda xarid qildik. Navro‘z bayrami arafasida konsert dasturlari va aholi uchun qulay yarmarkalarni tashkil etilganidan juda xursandmiz. Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin”, — deydi Yangibozor tumanidan Nazokat Masharipova.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi, viloyat hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning amaliy ko‘magi bilan viloyatda tashkil etilgan savdo yarmarkalarida aholiga qulay savdo sharoitini yaratishga hamda to‘lovni plastik kartochkalar orqali ham amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yana bir e’tiborli jihati bayram yarmarkalarida teatr ijodkorlarining sahna ko‘rinishlari, xalq baxshilari va boshqa san’at ustalarining konsert dasturlari, kuy-qo‘shiqlar, o‘lan-u laparlar yurtdoshlarimiz bilan birga Xorazmga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlarga ham xush kayfiyat bag‘ishlamoqda.
“O‘zim Amerikalikman. Yaqinda Urganch davlat universitetiga ta’lim berish uchun keldim. Navro‘z bayramini birinchi kutib olishim. Bu yerdagi to‘kin sochinlikni ko‘rib hayratlandim. Ayniqsa menga shirin mevalaringiz, sumalak va bahoriy taomlaringiz juda yoqdi. Xorazmda Navro‘zni kutib olayotganimdan xursandman. Aholining yuzidagi tabassum, bir biriga bo‘lgan mehr rishtalari menga quvonch bag‘ishladi. Ayniqsa savdo yarmarkasida tashkil etilgan konsert dasturlarida xorazmcha Lazgi raqsini miriqib tomosha qildim”, — deydi professor Mina Gavel.
Izoh (0)