O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakat yoshlarining iste’dodini yuzaga chiqarish va jismoniy chiniqtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda. Bu haqda XTV xabar berdi.
Davlat rahbarining yana bir tashabbusi yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni va sportni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Mazkur vazifalarni amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurgan. Tashrif davomida Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi bir necha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishgan.
Jumladan, Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari o‘quv maskanlaridagi ta’lim-tarbiya jarayonining borishi, ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratgan.
Shu bilan birga, u mahalliy yoshlar bilan uchrashib, suhbatlashgan. Uchrashuv doirasida o‘quvchilarga sport anjomlari taqdim etilgan.
Alisher Umarov Yozyovon tumanidagi 35-sonli maktab faoliyatini ham o‘rgangan.
Bir paytlari 9-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi filiali bo‘lgan mazkur maktab Shavkat Mirziyoyevning filiallarni to‘laqonli maktablarga aylantirish bo‘yicha qo‘ygan vazifasi doirasida yuridik maqomga ega bo‘lgan.
35-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi kichik bo‘lsa ham yangi binoga ega bo‘lgan. Yaqin vaqt ichida maktabning qo‘shimcha binolarini qurish rejalashtirilgan.
Yangi maktabda yangi kutubxona ishga tushirilgan. Tashrif doirasida maktabga kitoblar va sport anjomlari topshirilgan. O‘quvchilar uchun turli madaniy to‘garaklar va yoshlar teatri tashkil etilgan.
Izoh (0)