Moskvaning VDNX (Vistavki dostijeniy narodnogo xozyaystva) bog‘ida “Navro‘z-2019” festivali doirasida uch tonna guruchdan osh tayyorlanadi, deya xabar beradi “Sputnik”.
Qayd etilishicha, tashkilotchilar tomonidan o‘tgan yillarda barchaga osh yetmaganligi inobatga olingan. Ilk festivalda bir tonnaga yaqin guruchdan osh damlangan bo‘lsa, o‘tgan yili bir yarim tonnadan tayyorlangan.
Bu safar tashkilotchilar uch tonna guruchni 30 ta qozonda damlashga qaror qilgan. Bundan tashqari osh boshqa milliy oshxona maydonlarida ham tayyorlanadi.
Tashkiliy qo‘mita ishchi guruhining ma’lumotlariga ko‘ra, ilk festivalga besh ming kishi tashrif buyurgan, o‘tgan yili ularning soni 40 ming nafarga yetgan. Bu yil esa ushbu raqam yanada oshishi kutilmoqda.
Festival 24-mart, yakshanba kuni VDNXning 75-pavilyonida bo‘lib o‘tadi. Mehmonlarni milliy kurash turlari bo‘yicha musobaqalar, hamda Rossiya estrada yulduzlari ishtirokidagi gala-konsert kutmoqda.
Moskvada Navro‘z bayrami o‘n yildan ortiq nishonlanadi. Uning asosiy maqsadi millatlararo munosabatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdan iborat.
Izoh (0)