Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat Konimex tuman sudining sayyor sud majlisida sodir qilgan jinoyati bo‘yicha javobgarlikdan qutulish maqsadida o‘z joniga qasd qilib vafot etgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudi raisi Farrux Qahhorov ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi Abror (ismi o‘zgartirilgan) Konimex tuman cho‘lida cho‘ponlik bilan shug‘ullanib, 2017-yil 5-avgust kuni Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi Kamoliddin (ismi o‘zgartirilgan) va Jalol (ismi o‘zgartirilgan) bilan og‘zaki kelishilgan holda 147 bosh ona qo‘ylar va 120 bosh barralarni har oyiga 800 ming so‘m oylik ish haqi, har oyiga un, yog‘ va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari hamda yiliga 12 bosh qo‘y olish sharti bilan boqib berishni va’da qiladi.
2018-yil 12-oktabr kuni Abror ixtiyorida bo‘lgan mayda shoxli mollardan 31 boshini Bahodirga 12 400 000 so‘mga, 5 boshini Ravshanga 800 000 so‘mga, Davronga 13 800 000 so‘mga hisoblab 22 bosh qo‘yni, Tohirga 3 500 000 so‘mga hisoblab 7 bosh va tergov davomida shaxsini aniqlab bo‘lmagan shaxslarga sotib yuborish orqali o‘zlashtirib, 2018-yil 15-oktabr kuniga qadar bo‘lgan vaqt davomida jabrlanuvchi Kamoliddinga jami 267 bosh miqdorda mayda shoxli mollarini qaytarmasdan, unga “Karmana dehqon bozori” MChJning ma’lumotnomasiga ko‘ra o‘rta hisobda 147 bosh ona qo‘ylar uchun jami 77 175 000 so‘m va 120 bosh barra uchun 37 800 000 so‘m, jami 114 975 000 so‘m miqdorda juda ko‘p miqdorda moddiy zarar etkazib, javobgarlikdan qutulish maqsadida o‘z joniga qasd qilish orqali vafot etgan.
Sud, sudlanuvchi Abrorning aybi, jabrlanuvchi arizalari, bayonnomalar, tilxat, ma’lumotnomalar va jinoyat ishi hujjatlarida mavjud bo‘lgan boshqa inkor etib bo‘lmaydigan dalillar bilan to‘liq isbotini topgan deb hisoblab, sudlanuvchining qonuniy vakili Zafarning “jabrlanuvchi va uning qarindoshlari Abrorni qo‘rqitgan bo‘lishlari mumkinligini, uni o‘zini-o‘zi o‘ldirishga majbur qilganlarini yoki Abrorni cho‘lda topib olib, uni o‘ldirib, keyin osgan bo‘lishlari mumkinligi” haqidagi vajlar keltiradi. Sud mazkur vajlarni baholab, Abrorni biror kishi o‘ldirmaganligini, uning o‘z joniga qasd qilganligi holati ushbu ish yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruv va ekspert xulosasiga asosan tasdiqlanganligi, ushbu ish yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilinganligini inobatga olib, qonuniy vakilning ushbu mazmundagi vajlarini oqibatsiz qoldirishni lozim topadi.
Sud, sudlanuvchiga jazo turi va miqdorini belgilashda, uning 2018-yil 18-oktabr kuni vafot etganligini e’tiborga olib, hamda Jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasi 2-qismida, birinchi qismining 1, 2, 3 va 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda, agar ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki vafot etgan ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari talab qilsa, ishni yuritish umumiy tartibda davom ettirilishi mumkinligi, bunday hollarda hukm qilish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, ayblov hukmi jazo tayinlanmasdan chiqarilishi qayd etilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudi tomonidan Qonun talablaridan kelib chiqib, Abrorni Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan aybdor deb topib, unga Jinoyat protsessual kodeksining 463-moddasi 3-qismining 5-bandiga asosan jazo tayinlamasdan ayblov hukmi chiqarishni lozim ko‘rdi.
Izoh (0)