“Daryo” kolumnisti Po‘lat Tojimurotov koinot ilmiga oid qiziqarli faktlarni keltirishda davom etadi.

Maktab kursidan bizga ma’lumki, Quyosh sistemasida sayyoralar va ularning yo‘ldoshlaridan tashqari ko‘plab mayda obyektlar — kometa va asteroidlar mavjud. Asteroidlar Quyosh sistemasining ichki qismida joylashgan bo‘lib, ularning ko‘pi o‘z harakati davomida Yerga nisbatan yaqin keladi. Qachonlardir parchalanib, bo‘laklari Yerga meteorit bo‘lib tushgan asteroidlardan bilamizki, ba’zi asteroidlarda suv bor. Bu ham ilmiy, ham amaliy jihatdan muhim. Olimlar uchun bu Yerda suv paydo bo‘lishining ba’zi jihatlarini yoritib berishi mumkin. Ikkinchi tomondan, kelajakda ichimlik suvining asosiy manbai (va koinot iqtisodining asosiy obyekti) aynan asteroidlar bo‘lishi mumkin.

Foto: Google Photos

Asteroidlardagi suvni topishning eng oson yo‘llaridan biri — ularning spektrini kuzatish. Spektr — bizga kelgan nur quvvatining to‘lqin uzunliklari (ya’ni, soddalashtirsak, ranglar) bo‘yicha qanday taqsimlanishidir. Har bir modda ma’lum to‘lqin uzunliklaridagi nurlarni yutadi va chiqaradi. Shu kabi suv va suv bug‘lari bor bo‘lgan asteroidlar ham spektrning aynan ma’lum qismlarini yutadi, natijada spektrining tasvirida ma’lum sohalarda yutilish chiziqlari deb ataluvchi qora sohalar paydo bo‘ladi. Biroq, ikkinchi tomondan spektrning shu chiziqlar joylashgan bir qismi astronomik uskunalar tomonidan filtrlab “kesib” tashlanadi, kuzatiladigan qismida esa huddi shunday chiziqlarni Yer atmosferasidagi suv bug‘lari ham beradi.

Avvalgi tadqiqotlardan birida aniqlanishicha, spektrida oksidlangan (kislorod bilan birikkan) temirning bir turining chiziqlari bo‘lgan asteroidlarda suv ham bo‘ladi. Jon Xopkins universiteti xodimi Endryu Rivkin va Massachussets texnologiyalar instituti xodimi Franchesko Demeo aynan shundan foydalanib, Yer yaqinidan o‘tuvchi asteroidlarni tekshirib chiqqan. Tadqiqot ko‘rsatishicha, o‘lchami 1 kilometrdan katta bo‘lgan 26 dan ko‘p suvli asteroid orasida kamida 8 tasiga borib qaytish uchun Oyga borib kelishdan ko‘ra kamroq yoqilg‘i sarflanadi. Agarda o‘lchamga e’tibor bermaydigan bo‘lsak, bunday asteroidlar soni 350 dan ortiq bo‘ladi. Bu kichik sonlardek tuyulishi mumkin, lekin meteoritlarni o‘rganish natijalari bundan ancha kam miqdorlarga ishora qilgan edi. Ya’ni Yer yaqinidagi koinotda suv biz kutganimizdan ko‘ra ko‘proq.

Tadqiqot natijalari Journal of Geophysical Research: Planets jurnalida chop etilgan.