10-mart, yakshanba kuni Toshkentda futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 1-turi doirasida Namanganning “Navbahor” jamoasi Qo‘qonning “Qo‘qon-1912” klubi bilan bellashdi.
Tomonlarning 1:1 hisobidagi durang natijasi bilan yakunlangan bahsdan so‘ng, namanganlik muxlislar Namanganga qaytishda avtohalokatga uchragan.
“Navbahor” muxlislar klubi yetakchisi Farhod Umaraliyevning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, “Navbahor”ning 5 nafar muxlisi bo‘lgan Nexia avtomobili To‘raqo‘rg‘onda qarama-qarshi yo‘nalishdagi Damas bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda Nexia’dagi 2 nafar muxlis voqea joyida vafot etgan. 3 nafar muxlis esa kasalxonaga joylashtirilgan. Ularning bari koma holatida bo‘lgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jarohatlanganlardan birining ahvoli yaxshilanib, palataga olingan.
Ta’kidlash joiz, “Navbahor”—“Qo‘qon-1912” bellashuvi Namangandagi markaziy stadion tayyor emasligi boisdan Toshkentga ko‘chirilgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)