Joriy yilning 18—21-mart kunlari Xitoyning Gonkong shahrida o‘tkaziladigan 23-Xalqaro kino va televizion filmlar FILMART (Hong Kong International Film & TV Market) kinobozorida “O‘zbekkino” Milliy agentligining “Respublika kinoprokat markazi” o‘zbek milliy filmlarini xalqaro miqyosda taqdim etishi kutilmoqda, deb yozadi O‘zA.
Xalqaro FILMART kinobozori Osiyoning eng yirik kinoindustriya tadbirlaridan biridir. 2018-yilda AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Hindiston kabi dunyoning jami 37 ta mamlakatidan 850 nafar ishtirokchining 8 700 dan ortiq ilg‘or kino ishlab chiqaruvchi — xaridor kompaniyalari ishtirok etgani tadbirning nufuzini ko‘rsatib beradi.
FILMART kinobozori yutug‘ining siri Entertainment Expo doirasida Osiyo kinofestivali, raqamli kino va telekontent ko‘rgazmalari hamda kinomahsulotlar, zamonaviy texnologiyalarga bag‘ishlangan moliyaviy va investitsiyaviy forumlarni o‘zida birlashtiradigan yagona platformada o‘tkazilishidadir.
Mazkur tadbirda 2017—2018-yillarda davlat buyurtmasiga asosan ishlab chiqarilgan badiiy, hujjatli va qisqa metrajli milliy filmlar taqdimotini o‘tkazish bilan birga ularni xalqaro kinoprokatga chiqarish, chet mamlakatlar telekanallariga sotish va xorijiy filmlarni O‘zbekistondagi kinoprokatini yo‘lga qo‘yish masalalari o‘rin olgan.
Izoh (0)