Ma’lumki, ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Daryolar o‘zanlarini tozalash ishlariga tadbirkorlik subyektlarini elektron onlayn-auksion orqali jalb qilish tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganligi e’lon qilingan edi. Bu haqda “Daryo”ga FVV xabab berdi.
Bugungi kunda daryolar o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish bo‘yicha tayyorlangan loyihani amalga oshirish huquqi “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirilmoqda. Loyihani amalga oshirishdan belgilangan maqsad toshqin suvlarini va sel oqimlarini daryo o‘zani bo‘ylab aholi punktlari, sug‘oriladigan yerlar, suv xo‘jaligi va boshqa ijtimoiy obyektlar uchun salbiy oqibatlarsiz o‘tkazib yuborishdan iborat.
Daryolar o‘zanlarini tozalash yuzasidan bosqichma-bosqich tayyorlanayotgan loyiha hujjatlarida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhandislik ishlarining parametrlari, loyihaning boshlang‘ich narhi va loyihaning muddatlari aniq belgilangan.
Shu bilan birga, loyiha xujjatlarini tayyorlashda loyiha tashkilotlarga buyurtmalar berish jarayonida zamon talablariga javob beradigan yangi texnologiyalarni qo‘llash, respublikamizning geografik joylashuvidan kelib chiqib, daryo, soy va jilg‘alar o‘zanlarining tozalanishi lozim bo‘lgan hududlar, joylashgan joyining relyefini (tog‘li, tog‘oldi, tekislik, cho‘l va boshqa hududlar) inobatga olish hamda har bir hududda loyiha-qidiruv ishlari jarayonida qum-shag‘al materiallari hajmi va mexanik tarkibini aniqlash kabi talablar qo‘yilmoqda.
Izoh (0)