Mobil aloqa hayotimizning mazmuniga aylanib ulgurdi. Internet esa uning ajralmas qismiga aylandi. Har 2 yoki 5 daqiqada ijtimoiy tarmoqlarni mobil qurilma yordamida tekshirib ko‘rish “kasalligi” barchamizga yuqib ulgurdi. Ko‘p sayohat qiluvchilar uchun xalqaro rouming, travel Sim-kartalar ham allaqachon qo‘l kelmoqda.
Xorijga ishlashga yoki o‘qishga ketar ekanmiz, avvalo qaysi xorij kompaniyalarining qaysi tariflari megabaytlardan iqtisod qilishni yaxshi yo‘li ekanligi barchamizga birdek qiziq. Sababi dam olish ta’tillarimizni xorijda qay tarzda o‘tkazyapmiz — rasmlarni o‘z yaqinlarimizga yetkazish shunday kezlarda mobil aloqadan foydlanishga bosh omil. “Daryo” kolumnisti Jahongir Ergashev dunyoning turli davlatlarida uyali aloqa xizmatlari qanday narx va sifatda ekanligi haqida ma’lumot beradi.
Ispaniya
Yevropaga safar qilar ekansiz, bu yerda mobil uyali aloqa xizmati vatandagidek emasligini his qilasiz. Bu avvalo narxlarga tegishli. Ispaniyada Orange, Vodafone, Movistar va Yoigo operatorlari sizning xizmatingizga muntazir. Uyali aloqa operatorlari ikki xil xizmatni taklif etadi: birinchisi — shartnoma tuzasiz yoki oldindan to‘lov xizmatiga ulanasiz. Shartnoma asosida uyali aloqadan xizmat ko‘rsatish tanlovida siz har oyda mablag‘ingizni to‘g‘ridan to‘g‘ri plastik kartangizdan yechib olinishiga rozi bo‘lasiz va bu shartnoma odatda 1 yoki 2 yil muddatga imzolanadi. Agar mamlakatda vaqtinchalik rezident bo‘lsangiz, bu sizga mos tanlov emas, sababi banklar rezidentlarga plastik kartalar ochmaydi.
Shuning uchun sayyohga oldindan to‘lov usuli orqali xizmat ko‘rsatiladigan operatorlar ma’qulroq. Operatorga pasportingiz bilan borasiz, sizga turli tariflarni taqdim etishadi va manzilingizni so‘rashadi (odatda mehmonxona manzili bilan ham Sim-karta olish mumkin).
Orange tarifida 25 yevro evaziga 8 Gb tarifiga ulanasiz, shu bilan Yevropa bo‘yicha cheksiz qo‘ng‘iroqlar va 4G internet aloqasiga xush kelibsiz.
Agar talaba bo‘lsangiz, Republica Movil tarifi siz uchun eng qulayidir. 20 yevrodan voz kechish evaziga sizda 23 Gb internet Ispaniya va Yevropa bo‘ylab xalqaro rouming xizmati sizning ixtiyoringizda. Bu tarif orqali hisobingizni onlayn to‘ldirib olish imkoni ham beriladi.
Yaponiya
Yaponiyada Au, Docomo, Softbank kabi uyali aloqa operatorlari faoliyat yuritadi. Ushbu operatorlar shartnoma asosida iPhone 5S, iPhone X telefonlarini taqdim etadi. Ushbu kompaniyalar Yaponiya uyali aloqa bozorida gigant bo‘lgani sababli xizmatlar narxi ancha qimmat.
Internet va qo‘ng‘iroqlar uchun tariflar quyidagicha:
Qo‘ng‘iroqlar: 20 iyena/30 sekund (tarifikatsiya har 30 sekundda) = 1500 iyena/oyiga + ishlatilgan summa.
+ Internet: 50 Gb = 7000 iyena/oyiga.
Jami: 9500 iyena/oyiga (taxminan 100 dollar).
Diqqatga molik jihati shuki, iPhone bilan bu summa 2000 iyenaga aylanadi (taxminan 20 dollar).
Bunday shartnomaga ega bo‘lish uchun pasport, kredit kartasi, xorijlik fuqaro uchun Yaponiyada ro‘yxatga olinganlik haqidagi qayd qog‘ozi kerak bo‘ladi. Ammo sayyoh bunday shartnomadan foydalana olmaydi.
Sloveniya
Sloveniya Yevropadagi mobil xizmat ko‘rsatish narxlari haminqadar arzon bo‘lgan mamlakatlar sirasiga kiradi. 2,5 yevroga bu mamlakatda Telemach kompaniyasining Free2go tarifiga ulansa bo‘ladi va sizga 4 kunlik davr uchun 1 Gb internet trafik taqdim etiladi.
Chexiya
Chexiya Respublikasida asosan Vodafone, O2, T-Mobile kabi uyali aloqa operatorlari mijozlarga xizmat qiladi. Bu uch kompaniya xizmatlari va narxi deyarli farq qilmaydi. Vodafone misolida olib qaraydigan bo‘lsak, uyali aloqa xizmatidan foydalanishning ikki turi mavjud. Birinchisi oldindan to‘lov evaziga, ikkinchisi shartnoma asosida. Dastlabki holatda pasportni taqdim etgan holatda kerakli tarif paketiga haq to‘laysiz va belgilangan daqiqa, SMS, internet trafigiga ega bo‘lasiz. Ikkinchi holatda pasport bilan birgalikda ID-kartangiz ham kerak bo‘ladi. Agar sizda ID-karta mavjud bo‘lmasa, 3000 chex kronasini garov sifatida to‘lashga majbursiz. Agarda yaxshi mijoz sifatida to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib borsangiz, uch oydan so‘ng 3000 chex kronasi sizning hisob raqamingizga qaytarib beriladi. Eng oddiy oldindan to‘lov tariflari oyiga 199 krona (8 yevro) turadi. Shunda sizga 1,2 Gb internet, har bir daqiqa so‘zlashuv uchun 3,5 krona va tarmoq ichida bepul SMS jo‘natish xizmati yoqib beriladi. To‘lov ulangandan so‘ng amalga oshiriladigan eng arzon tariflar 777 krona (35 yevro) ga tushadi. Bunda sizga 5 Gb internet, bepul qo‘ng‘iroqlar va SMS-xabar xizmati taklif etiladi.
Avstriya
Avstriyada deyarli barcha hududlarda uyali aloqa xizmati yaxshi ishlaydi. 2019-yilda uyali aloqa operatorlari 5G xizmatini mijozlarga taqdim etishni maqsad qilgan.
Avstriyada kerakli kompaniya va qulay tariflar haqida ma’lumot olish uchun “Tarife.at” saytiga kirish kifoya. Mamlakatda Drei, A1, T-Mobile, HOT, Yesss!, S-mobile kabi uyali aloqa operatorlari ish olib boradi. Avstriyada Sim-kartani 2 yevroga qo‘lga kiritish imkoni bor.
2019-yil boshidan Avstriyada uyali aloqa xizmatlari narxi megabayt miqdori yoki so‘zlashuv daqiqalariga bog‘liq bo‘lmasligi e’lon qilindi. Narxlar mijozning uyali aloqa uchun oyiga qancha narx taklif qila olishiga bog‘lab qo‘yilmoqda. Misol uchun, siz HOT uyali aloqa operatori xizmatlaridan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, 10 yevro evaziga sizga 1000 daqiqa so‘zlashuv, 6 Gb internet trafigi taqdim etiladi. 14 yevro uchun sizda 8 Gb internet trafigi va shuncha miqdordagi SMS va so‘zlashuv daqiqalari beriladi.
2019-yilning 1-yanvaridan Avstriyada Sim-kartalarni ID-karta bilan ro‘yxatga olish tartibi joriy qilindi. Bu degani, Sim-karta olmoqchi bo‘lsangiz, albatta ID-kartaga ega bo‘lishingiz kerak.
Izoh (0)