“Bahorning birinchi kunini Namanganda kutib olganimizda ramziy ma’no bor — bu uyg‘onishimiz kerakligidan dalolat”. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahar hokimligida bo‘lib o‘tayotgan viloyat faollari yig‘ilishida ta’kidladi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev tanqidiy ruhda o‘tayotgan yig‘ilishda viloyat iqtisodiyotida sanoatning ulushi atigi 17 foizni tashkil etayotgani, ayrim tumanlarda umuman sanoat korxonalari yo‘qligini qayd etdi.

—Namanganda 27 yil mobaynida birorta katta korxona qurmadik. Viloyatning imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanmadik, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, viloyatda ish o‘rinlari yetarli bo‘lmagani uchun 200 ming namanganlik xorijda mehnat qilmoqda, 100 mingdan ortiq kishi ishsiz. Ularni ish bilan ta’minlash uchun yangi korxonalarni ishga tushirish, tomorqa imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarur.

Davlat rahbari Namanganga tashrifi davomida do‘konlarni aylangani, ularda narxlar qimmatligi,  chetdan keltirilgan mahsulotlar ko‘pligiga guvoh bo‘lganini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev Namanganda jinoyatchilikni jilovlash zarurligi, bu boradagi ko‘rsatkichlar yil oxiriga qadar ijobiy tomonga o‘zgarishi kerakligini ta’kidladi.

Yig‘ilish davom etmoqda.