Bosh prokuratura Toshkent shahrida sobiq hokim Rahmonbek Usmonov davrida yangi mahalla markazlarini qurishda aholi roziligini olmasdan binolarni buzish va qurilish qilish holatlariga yo‘l qo‘yilganini aniqladi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar bermoqda.
Bosh prokuratura boshqarma prokurori Abdurahim Muhiddinovga ko‘ra, Toshkent shahri sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov va tuman hokimlari qonunga zid ravishda yuzlab qarorlar qabul qilgan. Ushbu masalada Toshkent shahar prokuraturasiga fuqarolardan bir qancha murojaatlar kelib tushgan. Prokuratura fuqarolarning 29 ta murojaatini ko‘rib chiqib, hokimlarning 15 ta qaroriga protest berib, ularni haqiqiy emas deb topish haqida sudga ariza bergan.
Ma’lum bo‘lishicha, qonunchilikda Toshkent shahrining tuman hokimlari doimiy foydalanish uchun yer uchastkasi ajratish vakolatiga ega emas. Biroq, Toshkent shahar sobiq hokimi jami 11 qarorida mazkur qonun talabiga zid ravishda tuman rahbarlariga “Zamonaviy mahalla” loyihalari uchun yer ajratish yuzasidan topshiriq bergan. Bu xato esa boshqa yuzlab xatolarga yo‘l ochgan.
Buning natijasida tuman hokimlari tomonidan 392 ta qonunga zid qaror qabul qilingan. Yunusobod tumanida 56 ta, Uchtepa tumanida 52 ta, Olmazor tumanida 45 ta, Mirzo Ulug‘bek tumanida 44 ta noqonuniy qaror qabul qilingan.
Izoh (0)