O‘zbekistonda oldingi o‘quv yillarida ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobariga teng miqdorida yig‘im undiriladi. Bu Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida joylashtirilgan “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.
To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar, I va II guruh nogironlar bundan mustasno. Joriy yil bitiruvchilari uchun test sinovlari bepul asosda o‘tkaziladi.
Ushbu yig‘imlar Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Jamg‘armaga tushadigan mablag‘larning 80 foizigacha bo‘lgan miqdori Davlat test markazi xodimlariga oylik ustamalar to‘lash, moddiy yordam ko‘rsatish, mukofot puli hamda moddiy rag‘batlantirilishga yo‘naltiriladi.
Izoh (0)