Toshkentning Yunusobod tumanida 7-fevral kuni kechqurun 15 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘g‘ib o‘ldirilgan, uning jasadi uyga kiraverishda topilgan edi.
Keyinroq qizning o‘gay akasi uni o‘ldirishda gumonlanib qo‘lga olingan edi.
“Nuz.uz” huquq-tartibot organlaridagi manbalariga tayanib xabar qilishicha, tergov chog‘ida yigit o‘z jinoyatiga iqror bo‘lgan.
Gumonlanuvchining ko‘rsatmalariga binoan, 6-fevral kuni qiz onasiga mazasi yo‘qligini aytib, maktabga bormagan. Onasi qizning ukasi bilan ishga ketgan. Uyda o‘gay akasi qolgan. U singlisi qayergadir ketmoqchi ekanligini, onasini aldaganligini, aslida soppa-sog‘ ekanligini payqagan. Ular o‘rtasida janjal boshlangan. Yigit singlisining qo‘lidan telefonini tortib olgan, u yerda esa qiz va uning do‘sti ishtirokidagi axloqsiz videoni topib olgan. Jahl ustida yigit qo‘liga ilashgan buyumni — soch uchun ploykani olib, uning simi bilan singlisini bo‘g‘a boshlagan.
Qiz nafas olmayotganiga ishonch hosil qilgach, yigit jasadni o‘zlari yashaydigan ko‘p xonadonli uyning yerto‘lasiga yashirishga qaror qilgan. Kunning qolgan qismini u internet-klubda o‘tkazgan. Bundan avval esa u singlisining telefonini “Malika” savdo markazida sotib yuborgan, ploykani esa uy yaqinidagi ariqqa tashlab yuborgan.
Kechqurun ona qizi uyga kelavermagach, unga qo‘ng‘iroq qilgan, ammo hech kim javob bermagan. Bunday holatlarga ko‘nikkan ona qizining ertasi kuni qaytishiga umid qilgan. Ammo keyingi kuni kechqurun ayol qizining jonsiz tanasini o‘z xonadoni ostonasidan topgan.
Qizning akasi jasadni eshik tagiga o‘zi qo‘yib ketganini, shu tariqa, uni noma’lum shaxslar podyezdda bo‘g‘ib o‘ldirganday ko‘rsatmoqchi bo‘lganini tan oldi. So‘roq chog‘ida u singlisi ularning oilasini sharmanda qilganligini, uning telefonidan topilgan video so‘nggi tomchi bo‘lganligini aytgan.
Yigitga nisbatan JKning 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)