Butunjahon boks seriyalari WSB musobaqalarida ishtirok etib kelgan O‘zbekistonning Uzbek Tigers jamoasi faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda GoSport xabar berdi.
Manbaning yozishicha, yangi mavsumda O‘zbekiston boks federatsiyasi WSB musobaqalarida ishtirok etuvchi jamoani moliyalashtirishni to‘xtatishga qaror qilgan.
Ta’kidlanishicha, bunga havaskor boks bo‘yicha terma jamoaning boshqa musobaqalarda ishtirok etishi sabab sifatida ko‘rsatilgan. Qayd etish joiz, 2018-yil boshida ham Uzbek Tigers jamoasining tugatilishi haqida xabarlar tarqalgandi.
Ma’lumot uchun, Uzbek Tigers jamoasi 2016-yildan buyon WSB musobaqalarida ishtirok etib keladi.
Jamoa birinchi mavsumdagi ishtirokidayoq musobaqaning yarim finaliga qadar yetib borgan va bronza medallari bilan taqdirlangandi. 2017-yilgi mavsumda jamoa chorak finalga qadar yetib borgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)