Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudi 25-yanvar kuni fuqaro Savron Suyunov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan)ga nisbatan yuritilgan jinoyat ishini ko‘rib yakunladi. Bu haqda sud raisi Maqsud Rayimov “Daryo” ga xabar berdi.
Sudlanuvchi Savron Suyunov 2018-yilning sentabr oyida o‘zining boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashinani mast holatda Baxmal yo‘nalishida boshqarib ketayotgan vaqtida, o‘ziga qarama-qarshi kelayotgan Xo‘jamqul G‘oipovning boshqaruvida bo‘lgan Nexia rusumli avtomashinani yo‘nalishiga chiqib ketib, ushbu transport vositalarini to‘qnashib ketishi natijasida yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.
Natijada Nexia rusumli avtomashina haydovchisi Xo‘jamqul G‘oipov tan jarohati olib voqea joyida vafot etgan.
Shuningdek, YTH natijasida Nexia rusumli avtomashina salonida bo‘lgan O.Yo‘ldosheva, uning o‘g‘li voyaga yetmagan 2014-yilda tug‘ilgan M.Muslimov, bundan tashqari Cobalt rusumli avtomashina salonida bo‘lgan E.O‘rishev, N.Po‘latovlar “hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati” olib, Baxmal tuman TMKning shoshilinch bo‘limiga yotqizilgan.
Sud Savron Suyunovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasining (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, uch yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, besh yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi.
Izoh (0)