AQSh Davlat departamenti amerikaliklar uchun dunyoning xavfli mamlakatlari ro‘yxatini doimo yangilab boradi, deya xabar beradi “ForumDaily”.

Foto: Depositphotos

Ro‘yxatda davlatlar birdan to‘rtgacha bo‘lgan ko‘lamlarga ega bo‘lib, (1) “oddiy ehtiyotkorlikni”, (4) “ushbu mamlakatga umuman bormaslikni” anglatadi.

Amerikaliklar uchun 4 ballik xavfga ega mamlakatlar ro‘yxati taqdim etilgan.

Afg‘oniston

Qo‘shma Shtatlar 2001-yildan buyon Afg‘onistondagi xalqaro mojaroga aralashgan. U yerdagi xavflar odam o‘g‘irlash, garovga olish, portlashlar, keng tarqalgan urushlar, yer minalari va isyonchilar hujumlaridan iborat. Transport shahobchalari, sayyohlik va jamoat joylari, hukumat binolari hujumchilarning potensial maqsadlari hisoblanadi.

Venesuela

Venesuela 2019-yilning 29-yanvar kuni sayohat qilishdan qochish kerak bo‘lgan mamlakat ro‘yxatiga kiritilgan. Bunga jinoyatlarning yuqori darajasi, fuqarolarning noroziligi, noqonuniy hibsga olinishlar sabab bo‘lgan. Mamlakatning qurolli kuchlari va yangi, o‘zini o‘zi tan olgan vaqtinchalik yetakchilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik ushbu mamlakatdagi taranglikning kuchayishiga olib kelgan.

Shimoliy Koreya

AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasida 2016-yilda ziddiyatlar kuchaygan. O‘shanda amerikalik sayyoh Pxenyandagi mehmonxonadan afisha o‘g‘irlaganlikda ayblanib, bir yildan ortiq vaqt mobaynida hibsda saqlangan va qiynoqlar oqibatida vafot etgan.

Suriya

Yaqin Sharqning sobiq marvaridi, Damashqning tarixiy poytaxti, sakkiz yillik fuqarolik urushidan so‘ng Qo‘shma Shtatlar, Rossiya, Turkiya va Eronni o‘z ichiga olgan ko‘plab davlatlar ishtirok etgan fuqarolik urushidan keyin butunlay o‘zgargan. Davlat departamenti amerikalik fuqarolarga terrorizm, fuqarolar noroziligi va qurolli mojarolar sababli ushbu mamlakatga safar qilmaslikni maslahat beradi.

Eron

AQSh fuqarolari Eronga faqat viza olgandan so‘ng borish imkoniga ega bo‘ladi, lekin Davlat Departamenti buni tavsiya etmaydi. Bu tarixni sevuvchilar uchun juda yoqimsiz qaror, sababi Tehron yer yuzidagi eng go‘zal shaharlardan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq, Davlat Departamenti AQSh fuqarolari ushbu mamlakatda asossiz hibsga olinishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Iroq

Ushbu tarixiy mamlakatga borishdan oldin ikki marta o‘ylab ko‘ring. Iroqqa safar qilgan amerikalik fuqarolar uchun hibsga olinish, jarimalarga tortilish va chiqarib yuborilish bilan birga o‘g‘irlanish, jarohatlanish va o‘lim xavfi bor.

Yaman

2016-yilda Qizil dengiz orqali suzib o‘tayotgan AQSh dengiz kuchlarini yo‘q qiluvchi kemaga Yamandan otilgan ikkita raketa hujum qilgan. Bu Qo‘shma Shtatlar bilan Yaman o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchayishiga olib kelgan. 2018-yilning iyul oyida Davlat departamenti Yamanni rasmiy ravishda amerikaliklarga sayohat qilish uchun istalmagan, mamlakatda fuqarolarning tartibsizliklari va qurolli to‘qnashuvlar keltirib chiqaradigan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritgan.

Somali

Kanada sudi 2018-yilning iyun oyida Somali fuqarosini amerikalik 27 yoshli mustaqil jurnalist Amanda Lindhautni o‘g‘irlab ketgani uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. O‘n bir yil o‘tgach, AQSh hukumati hali ham Somaliga bormaslikni tavsiya qilmoqda. Bu yerda odam o‘g‘irlash va qaroqchilik hali ham davom etmoqda.

Janubiy Sudan

Dunyoning eng yosh davlati, Janubiy Sudan 2011-yilda Sudan Respublikasidan mustaqillikka erishgan. Human Rights Watch ma’lumotlariga ko‘ra, 4 milliondan ortiq odam mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan, chunki 2015-yilda imzolangan tinchlik bitimiga qaramasdan, qurolli mojaroda minglab odamlar halok bo‘lmoqda.

Markaziy Afrika Respublikasi

AQSh hukumati Markaziy Afrika Respublikasida falokatga uchragan fuqarolariga yordam berishga qodir emas. Davlat departamenti, qurolli talon-taroj, odam o‘g‘irlash va qotilliklarni ushbu mamlakatga kelgan sayohatchilar uchun tahdid sifatida ogohlantiradi.

Mali

Timbuktu shahriga borishni istagan amerikalik sayyohlar bir necha marta o‘ylab ko‘rishi kerak. Davlat departamenti bu shaharda terrorchilik guruhlari doimo tungi klublar, mehmonxonalar, restoranlar, ibodat joylari, sayyohlik joylari va g‘arb mamlakatlarining diplomatik vakolatxonalariga hujum qilishidan ogohlantiradi. AQSh hukumati butun mamlakat bo‘ylab fuqarolariga favqulodda yordam berishga qodir emas.

Yuqoridagi xavfli 11 mamlakatdan tashqari Kongo Demokratik Respublikasi, Mavritaniya, Niger, Nigeriya, Chad, Meksika, Nikaragua, Gonduras, Dominikan Respublikasi, Turkiya va boshqa mamlakatlarga tashrif buyurganda ham juda ehtiyotkor bo‘lish kerakligi maslahat berilgan.