Latviyaning SV Gulbis kompaniyasi Toshkentda zamonaviy logistika markazini tashkil etadi, deb xabar berdi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati.
Logistika markazi “O‘ztemiryo‘lkonteyner” aksiyadorlik jamiyati hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi evaziga bunyod etiladi. Unda temiryo‘l vagonlarini saralash, ortish va tushirish ishlari, yuklarni saqlash, ro‘yxatdan o‘tkazish, markirovka xizmatlari ko‘rsatiladi.
Ta’kidlanishicha, markazning umumiy maydoni 16 gektar bo‘lib, 20 ming kvadrat metr konteyner terminali uchun ajratilgan. Shuningdek, hududda servis markazi, bojxona xizmati, omborlarni boshqarish tizimi, ma’muriyat binosi kabi inshootlar quriladi.
Shuningdek, bu yerda qo‘shimcha 350 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Yuk saroyida yuk avtomobillari uchun ham bir qator qulayliklar yaratilib, u erda Shvetsiya va Germaniya davlatlarining texnika va texnologiyalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Markazni 2019-yil so‘ngida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Izoh (0)