31-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan tasvirga olingan ikki hujjatli film taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “Xalq so‘zi Online”.

Foto: “Xalq so‘zi Online”

Ular rejissor Hojimurod Valiyevning “O‘zbekiston — Islom sivilizatsiyasi markazi” hamda Aleksandr Gamirovning “Xoja Bahouddin Naqshband” hujjatli filmlaridir.

Aytish joizki, ularda O‘rta osiyolik olimlarning islom tarixida tutgan o‘rni va ularning tafsir, hadis, kalom, fiqh, tasavvuf kabi diniy bilimlar rivojiga qo‘shgan hissalari haqida so‘z yuritiladi.

“Ushbu filmlar orqali tomoshabinlar nafaqat madaniy hordiq oladi, balki yurtimizning nega Islom sivilizatsiyasi markazi sanalishi, sohada olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati, shuningdek, yetti pir hamda ularning ma’naviy va madaniy meroslari to‘g‘risida ham ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Bahouddin Naqshband insonni ulug‘lashga, uning mo‘tabarligini anglash kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratgan. Inson din uchun emas, din inson uchun yaratilganligini e’tirof etgan. Milliy g‘ururni, oriyat masalalarini ko‘tarishga intilgan. Naqshband g‘oyalaridan yoshlarga tarbiya berishda foydalansak, ularni tarixiy xotiraga hurmat, insonlarga mehr-muruvvat, mehnatsevarlik, insonparvarlik ruhida tarbiyalashda qiynalmaymiz”, — deydi Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor To‘rayev.

Foto: “Xalq so‘zi Online”

Tabiiyki, hujjatli film badiiy filmdan tubdan farq qiladi. Shunga qaramay, kino mahsuloti tomoshabinni zeriktirmasligi, unga ma’naviy ozuqa berishi zarur, deyiladi xabarda.

“Filmni yaratishda g‘oya bilan tasvirning bir-biriga uyg‘unlashuvi eng asosiy vazifa hisoblanadi. Biz ish jarayonida ‘Τalking head’ (‘Gapiruvchi bosh’)dan, ya’ni televideniyeda keng qo‘llaniladigan usuldan farqli ravishda kameraga ‘nafas berish’ga, tomoshabinni nafaqat so‘z bilan, balki kuchli dramatik tasviriy yechimlar bilan ham tutib turishga harakat qildik.

Eng murakkab kadrlardan biri ΧΙV asrni bugungi kunga bog‘lash bilan bog‘liq bo‘ldi, desam, adashmayman. Boisi, bugunning tomoshabini xorij filmlaridagi singari dinamik tasvirlarga o‘rgangan. Tasvirga olish mobaynida hech bir jihatni, hatto eng mayda detallargacha ham, ko‘zdan qochirmaslikka harakat qildik”, — deydi “Xoja Bahouddin Naqshband” filmi operatori Umid Malikov.