Samarqandda bo‘lib turgan YuNESKO ekspertlari shaharning tarixiy qismidagi qurilish va obodonlashtirish ishlari masalasida arxitektura va qurilish sohasidagi mahalliy mutaxassislar bilan fikr almashdi, deb yozadi “Novosti Uzbekistana”.
YuNESKO ekspertlari — Fransiya urbanizatsiya instituti xalqaro aloqalar bo‘yicha menedjer Erik Xaybrext va Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash konsultanti Kristina Iamandi Samarqand misolida mahalliy mutaxassislarni qurilish ishlari, tarixiy hududlar rekonstruksiyasi davomida madaniy merosni saqlash masalasidagi YuNESKO talablari bilan tanishtirdi.
Ular o‘z chiqishlarida madaniy meros deganda nafaqat me’morchilik yodgorliklari, balki ularni o‘rab turgan inshootlar, an’anaviy turar-joylar va ularda istiqomat qiluvchi odamlarning yashash tarzini o‘zida mujassamlashtiruvchi mahallalar ham ko‘zda tutilishini ta’kidladi. Shuning uchun moddiy madaniyat bilan bir qatorda nomoddiy madaniyat ham qo‘riqlashga muhtoj.
Iamandining so‘zlariga qaraganda, YuNESKO shahar landshaftini boshqarishni ko‘zda tutuvchi hujjatni qabul qilgan. Unda shahar tirik organizm deb e’tirof etiladi. Shahar rivojlanishi lozim, uning tarixiy qismi bunga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Bunga kompleks yondashish zarur.
YuNESKO ekspertlari o‘z missiyasini yakunlash uchun ikki haftadan so‘ng Samarqandga qaytishini ma’lum qildi.
Izoh (0)