Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi temir yo‘l liniyasi va zamonaviy vokzal binosi foydalanishga topshirilgach Toshkent — Xiva yo‘nalishida poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi. Xorijlik va mahalliy sayyohlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Buxoro — Xiva yo‘nalishi bo‘yicha ham yo‘lovchi poyezdlari muntazam qatnay boshladi, deya xabar beradi “Xalq so‘zi”.
Shahar aholisi va mehmonlariga transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida yana bir loyiha amalga oshirildi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Isuzu rusumli 14 ta avtobus xarid qilinib, temir yo‘l vokzalidan shahar atrofi yo‘nalishlarida harakatlana boshladi.
— Endilikda sayyohlar zamonaviy avtobuslarda sayr qilib, qadimiy shaharning betakror go‘zalliklaridan yanada ko‘proq zavq olishi mumkin, — deydi O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Rahmatillo Boboyev. — Ushbu qulaylikdan mahalliy aholi, ayniqsa, dars mashg‘ulotlariga transport vositasida qatnovchi talabalar, maktab o‘quvchilari mamnun.
Izoh (0)