O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi xodimi Olim To‘raqulov prezidentning “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sharhini “Daryo”ga taqdim etdi. Quyida sharh to‘lig‘icha e’tiboringizga havola etiladi.
2019-yil 17-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi
“Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishi kerak”. Prezident Shavkat Mirziyoyevning el-yurtimiz qalbi va ongidan chuqur joy olgan bu so‘zlari bugun mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarish va islohotlarni harakatlantiruvchi qudratli kuchga, ta’bir joiz bo‘lsa, ularning g‘oyaviy o‘zagiga aylandi. Xalqimizning hayotiy talab va ehtiyojlarini ta’minlash, odamlarimizni rozi qilish yo‘lidagi zalvorli ishlar aynan ana shunday ezgu va hayotbaxsh g‘oyalar asosida olib borilib, tobora yangi ma’no va mazmun bilan boyib bormoqda. Bunday tarixiy o‘zgarishlar silsilasida xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha tamomila yangi tizimga asos solingani, xalqaro miqyosda noyob tuzilma sifatida keng e’tirof etilayotgan Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari instituti yaratilgani shubhasiz markaziy o‘rinlardan birini egallaydi.
Xalq qabulxonalari xalqimizning necha yillik orzu-armonlarini ushaltirish maqsadida tashkil etilgani bois ham el-yurtimiz hayotidan, mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar jarayonidan tez fursatda o‘zining munosib o‘rnini topib, har bir hudud va sohadagi real manzarani, asl holat va mavjud muammolarni aniqlash hamda hal qilish yo‘lida yangi g‘oyalar, amaliy taklif va tashabbuslar yuzaga keladigan, ularni hayotga tatbiq etishning aniq mexanizmlari ishlab chiqiladigan markazlarga aylanib bormoqda.
O‘tgan davrda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari yordamida 2 million 500 mingdan ziyod kishi o‘zini qiynab kelayotgan muammolarga yechim, o‘ylantirayotgan savollarga javob topgani ularning xalqimiz mushkulini oson, og‘irini yengil qilish, jamiyatimizda adolat tamoyillarini mustahkam qaror toptirishda amaliy ahamiyati naqadar yuqori bo‘layotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Xalq qabulxonalari davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, dolzarb muammolarni aniqlash, murojaatlar qonuniy va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashda samarali mexanizmga aylanib, amalda o‘zini to‘la oqladi. Albatta, hayot hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi. Zamon bilan hamqadam bo‘lish, kerak bo‘lsa, undan bir qadam ilgari odimlash – bugungi kun talabi. Shu ma’noda, biz yashayotgan hozirgi shiddatli davr, oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlar barcha sohalarda bo‘lgani kabi mazkur muhim yo‘nalishda ham o‘tgan qisqa davrda orttirilgan ijobiy tajribalarni yanada takomillashtirish, uni mazmun jihatdan rivojlantirishni talab etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida ana shu dolzarb masalaga alohida to‘xtalib, Xalq qabulxonalari faoliyatida mutlaqo yangi tizimga – sifat jihatidan yanada yuksak bosqichga o‘tilishi haqida ma’lum qilgan edi. Mana, oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan davlatimiz rahbarining davlat organlari va boshqa tashkilotlarning fuqarolar bilan bevosita ishlashga o‘tishi, ularning xalqqa, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlariga yaqin ko‘makchi bo‘lishi, Oliy Majlisga murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Xo‘sh, bu farmonning qabul qilinishi qanday sabab-omillar bilan bog‘liq? Mazkur sohadagi qanday muammolar mazkur hujjatga asos bo‘ldi? Ushbu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar qaysi jihatlarda namoyon bo‘ladi?
Farmon muqaddimasida qayd etib o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga keyingi ikki yil mobaynida 2,5 milliondan ortiq murojaatlar kelib tushgani, Respublika ishchi guruhlari tomonidan uyma-uy yurish, ijtimoiy soha va boshqa obyektlarni o‘rganish natijasida yana 1,1 milliondan ortiq turli muammolar aniqlangani joylarda yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini, ayrimlari o‘rta va quyi bo‘g‘indagi tashkilotlar darajasida hal etilmayotganini ko‘rsatmoqda.
Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinganda bir qator kamchiliklar mavjud ekani ma’lum bo‘ldi.
Avvalo, murojaatlar bilan ishlashning amaldagi tizimi aholining mavjud muammolarini to‘liq qamrab olish va tezkorlik bilan hal qilish imkonini bermayotganini ta’kidlash joiz. Aniqlangan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Xalq qabulxonalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishning yagona mexanizmi mavjud emasligi barcha bo‘g‘inning butun bir organizm kabi o‘zaro uyg‘un ishlashiga imkoniyat bermayapti. Shu bois ham tegishli ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar loyihalarini ishlab chiqishda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar, joylarda aniqlangan boshqa muammolar yetarli darajada aks ettirilmayapti. Boz ustiga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari aholi bilan bevosita muloqot qilish, uyma-uy yurish orqali muammolarni aniqlash va hal etishga, zimmasiga yuklatilgan vazifalarning to‘liq va sifatli bajarishga yetarli e’tibor qaratmayapti.
Ana shu jihatlarni e’tiborga olgan holda Prezident farmoniga muvofiq 2019-yil 1-fevraldan boshlab Xalq qabulxonalarining aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha amaldagi tizimi bilan bir qatorda, Xalq qabulxonalarining muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishini, davlat organlarining aholi bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi yangi tizim joriy qilinmoqda.
Mazkur yangi tizimning birinchi o‘ziga xos shundaki, bundan buyon Xalq qabulxonalari hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish orqali muammolarni aniqlaydi hamda hal qilinishini ta’minlaydi. Ya’ni, endi Xalq qabulxonalari murojaat kelib tushishini kutib o‘tirmaydi, o‘zi mas’ul bo‘lgan hududda mavjud bo‘lgan muammolarni uyma-uy, obyektma-obyekt yurgan holda aniqlaydi.
Mazkur yangi tizim joriy etilishining asosiy sababi murojaatlar bilan ishlashning amaldagi tizimi aholining mavjud muammolarini to‘liq qamrab olish va tezkorlik bilan hal qilish imkonini bermayotgani bilan bog‘liq. Chunki barcha davlat organlari kabi Xalq qabulxonalari ham o‘z faoliyatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish amaliyotidan foydalanib kelmoqda. Bu esa faqat murojaat tufayli yuzaga qalqib chiqqan muammolarnigina ro‘yxatga olish hamda u yoki bu tarzda munosabat bildirish imkonini beradi, xolos.
Nega deganda, odam ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilmasa, bu unda umuman muammo yo‘q, degani emas. Ayniqsa, sabr-qanoat va shukronalikni hayot mazmuni, oriyatu g‘ururni ulug‘ qadriyat darajasida e’zozlaydigan xalqimiz o‘rtasida dardu-tashvish qiynab turgan bo‘lsa-da, bu haqda mahalla-ko‘y, mutasaddi idora va tashkilotlarga murojaat qilishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan, istihola qiladiganlar ko‘p. Shu bois ham davlatimiz rahbarining g‘oyasi va tashabbusi bilan mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash va aholi muammolarni hal etish sohasida yangi davrga qadam qo‘yilmoqda.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, bundan buyon davlat organlari Xalq qabulxonalari boshchiligida o‘zlari mas’ul bo‘lgan hududlarda mahallama-mahalla, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib, har bir xonadon, har bir oila muammolarini o‘rganib, ularni hal qilish choralarini ko‘radi. “Kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal” deganlaridek, muammo haqida kimdir murojaat qilib kelishini kutib o‘tirmasdan, xalq ichiga, odamlar orasiga chuqur kirib borib, ular duch kelayotgan muammolarni erta aniqlab, hal qilish yangi tizimdan ko‘zlangan bosh maqsad hisoblanadi.
Binobarin, bevosita muloqot, yuzma-yuz uchrashuvlarning ta’sir kuchi yanada ko‘proq bo‘lib, bunday jonli suhbatlar jarayonida qog‘ozlarga sig‘may qolgan tafsilotlar oydinlashadi, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz u yoki bu masalaga daxldor yangi va qo‘shimcha ma’lumotlarni aniqlashtirib olish imkoniyati katta bo‘ladi.
Yana ham muhim bir jihat borki, bu haqda alohida aytib o‘tish ayni muddaodir. U ham bo‘lsa, bunday ish tizimi nainki odamlarning muammolarini aniqlash va hal qilishda, balki ularning yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqidagi fikr-mulohazalarini o‘rganish, davlatimiz va jamiyatimizni har tomonlama rivojlantirishga doir taklif va tavsiyalarini jamlashda ham ta’sirchan vositaga aylanadi.
Mazkur farmonda belgilangan yana bir yangilik – tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari boshchilik qiladigan sektorlar shtablari a’zolaridan iborat ishchi guruhlar hududlarni mahalla va xonadonlar, oilalar kesimida tahlil qilib, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa – bir yillik va o‘rta muddatli manzilli tadbirlar rejalarini shakllantiradi.
Tuman va shaharlar hokimliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi qisqa muddatli – bir yilga mo‘ljallangan manzilli tadbirlar rejalari ijrosini ta’minlaydi. Xalq qabulxonalari va Prezident Administratsiyasi bo‘linmalari esa mazkur tadbirlar rejalari ijrosini nazorat qiladi.
O‘rta muddatli manzilli tadbirlar rejalari, shuningdek, Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarda aks etgan tizimli muammolar davlat investitsiya dasturlari, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini, xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalarni ishlab chiqishda inobatga olinadi. Ushbu dastur va loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari bilan kelishiladi. Ya’ni, bundan buyon turli dastur va loyihalar bevosita odamlar yo‘llagan murojaatlar tahlili, real hayot manzarasini inobatga olgan holda tayyorlanadi.
Farmonda belgilab qo‘yilganidek, Xalq qabulxonalari hududlardagi ijtimoiy muhitni o‘rganish, aholi muammolarini hal qilish jarayoniga jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari va boshqa tegishli tashkilotlarni jalb qilgan holda ochiqlik, shaffoflik va xolislikni ta’minlash choralarini ko‘radi.
Bugun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Mazkur dasturlar amalda o‘zining kutilgan natijasini berishi uchun ularga, birinchi navbatda, eng og‘ir va murakkab sharoitda bo‘lgan aholi punktlarini kiritish har tomonlama to‘g‘ri va adolatli bo‘ladi. Shu masalada real manzarani aniqlab olish uchun esa Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarni chuqur tahlil qilish obyektiv xulosa chiqarishda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu bois davlatimiz rahbari farmoniga ko‘ra, endilikda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladigan aholi punktlari ro‘yxati Xalq qabulxonalari bilan kelishilgan holda shakllantirishi belgilangani avvalambor eng og‘ir va murakkab ahvolda bo‘lgan aholi maskanlariga e’tibor qaratish imkonini beradi.
Prezident farmonida o‘z ifodasini topgan yana bir prinsipial yangilik – Xalq qabulxonalari sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati, murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan tegishli Xalq deputatlari kengashlari majlisida muhokama qilish uchun har chorakda axborot kiritishi hamda ushbu axborot yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hisoboti eshitilishi belgilab qo‘yilganidir. Mazkur ta’sirchan huquqiy mexanizm hududlarda murojaatlar bilan ishlash borasida mas’uliyat yanada kuchayishi, xato va kamchiliklar kamayishiga xizmat qiladi, turli darajadagi rahbarlarning xalq oldida hisobot berish tizimi hayotiy samara berishiga yangi bir turtki bo‘ladi.
Hududlarni o‘rganish jarayonida aniqlangan va respublika darajasida hal etiladigan muammolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga hal qilish uchun kiritiladi.
Prezident Farmoni bilan Xalq qabulxonalariga bir qator qo‘shimcha vazifalar ham yuklatildi. Xususan, endi Prezident Xalq qabulxonalari sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish borasidagi faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib boradi.
Xalq qabulxonalariga hududlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ommaviy va sayyor qabullar o‘tkazish tizimini muvofiqlashtirish va nazorat qilish vazifasi yuklatilgani esa sohaga doir qonun hujjatlarining hamma joyda bir xilda bajarilishining qo‘shimcha kafolati bo‘ladi, fuqarolar qabullari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihati, farmon asosida Xalq qabulxonalari mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilishda ishtirok etishi bu jarayonlarda avvalambor murojaatlarda ko‘tarilgan hamda uyma-uy yurish paytida ma’lum bo‘lgan muammolar yechimi aks ettirilishi uchun puxta zamin yaratadi.
Farmonda Xalq qabulxonalarining doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelayotgan dolzarb ijtimoiy masala – nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘maklashish masalasi yuzasidan ham mas’uliyatli vazifa yuklatilgan. Bundan buyon davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mazkur yo‘nalishdagi ishlari Xalq qabulxonalari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizmini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab qo‘yilgan norma mazkur yangi farmonda yanada rivojlantirilgan. Ya’ni, bundan buyon Xalq qabulxonalari davlat xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha faoliyatni muvofiqlashtiradi.
Xalq qabulxonalari o‘zining faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha jamoat va nodavlat-notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilishi yuzasidan belgilab qo‘yilgan vazifalar ular faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlardan jamoatchilikni muntazam xabardor qilishda yangi imkoniyatlarni yaratib beradi.
Yuqorida qayd etib o‘tilgan keng ko‘lamdagi dolzarb vazifalarni bajarish shunga mutanosib maqom va huquqlarga ega bo‘lishni ham talab etadi, albatta. Farmonda masalaning ana shu amaliy jihatlari o‘z yechimini topgan – Xalq qabulxonalariga bir qator huquqlar berilib, katta imkoniyatlar yaratilgan.
Birinchidan, Xalq qabulxonalari sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli o‘rganish, ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish, shuningdek, sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etadi.
Ikkinchidan, Xalq qabulxonalariga sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy bo‘linmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha yuqori turuvchi davlat organlariga takliflar kiritish huquqi berilmoqda.
Uchinchidan, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan axborot hamda hujjatlarni so‘rash va olish, ularning mutaxassislarini jalb qilish huquqiga ega bo‘ldi.
To‘rtinchidan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ular faoliyati va ko‘rsatadigan xizmatlariga oid tartib-qoidalarning aholiga to‘liq va tezkor yetkazilishini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rish huquqi berildi.
O‘z-o‘zidan ravshanki, bildirilgan bunday yuksak ishonchni oqlash, berilgan huquq va vakolatlardan faqat va faqat qonun doirasida, xalq va davlat manfaatlari yo‘lida foydalanish Xalq qabulxonalari xodimlarining ham insoniy, ham fuqarolik, ham davlat xizmatchisi sifatidagi muqaddas burchi sanaladi. Shu bilan bir qatorda, ularning qonun asosida, xolis va adolatli faoliyat yuritishi uchun zarur huquqiy va tashkiliy zamin yaratilishi muhim amaliy ahamiyatga ega vazifa hisoblanadi. Shu munosabat bilan Farmonda mazkur masalaga alohida e’tibor qaratilib, Xalq qabulxonalari mas’ul xodimlarini lavozimga tayinlash va ozod etishning yangi tartibi belgilangan.
Unga ko‘ra, Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari mudirlari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Prezidentning tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari mudirlari – Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Xalq qabulxonalarining boshqa xodimlari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Xalq qabulxonalarining boshqaruv xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining xodimlari hisoblanadi.
Farmonda shuningdek Xalq qabulxonalari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, xodimlarning oylik maoshlarini sezilarli darajada oshirish, xizmat avtotransport vositalari bilan ta’minlash, faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan xodimlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib borish yuzasidan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Kadrlar masalasi haqida so‘z borar ekan, Xalq qabulxonalarining kadrlari tarkibini aholi bilan bevosita ishlash uchun zarur bo‘lgan bilimga, tashkilotchilik va tahlil qilish qobiliyatiga, yuksak ma’naviy-axloqiy va psixologik fazilatlarga ega bo‘lgan malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, ularning muntazam ravishda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilangani muhim ahamiyatga ega. Misol uchun, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda Xalq qabulxonalari xodimlari uchun maxsus malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Shular qatorida Xalq qabulxonalarining yangilangan nizomi, ularning sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi tartibi, Xalq qabulxonalari faoliyatini baholash tartibi va mezonlarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi. Misol uchun, Xalq qabulxonalarining aholi muammolari bilan ishlash samaradorligi indeksini aniqlashda uyma-uy yurish orqali o‘rganib chiqilgan uy xo‘jaliklari, ijtimoiy va boshqa obyektlar, muammolarni hudud darajasida hal etilishi holati, respublika darajasida hal etilishi belgilangan muammolarni hal etish uchun zarur choralar ko‘rish darajasi, muammoni hal etishning o‘rtacha muddati kabi mezonlarga tayanilishi rejalashtirilgan.
Prezident farmonidan kelib chiqadigan vazifalarni ijro etish asnosida endi mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati konkret mahalladagi ijtimoiy infratuzilmalar, iqtisodiy vaziyat, ijtimoiy muhit, ijtimoiy soha obyektlarining holatidan kelib chiqib, “namunali”, “yaxshi” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratilgan holda baholanadi. Bu shundan dalolat beradiki, endilikda turli dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda birinchi navbatda eng og‘ir hududlarga e’tibor qaratilib, muammolarni yechish chora-tadbirlari ko‘riladi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalariga aholining ijtimoiy muammolarini aniqlash va hal qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning hududlarda amalga oshirilishini, shu jumladan,2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan vazifalarning bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilib borish vazifasi yuklatildi.
Vazirlar Mahkamasiga “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz!”, “Har bir oila – tadbirkor” va boshqa davlat dasturlari ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalariga taqdim qilib borilishi hamda uy-joylar, yo‘l qurilishi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlari, kanalizatsiya va boshqa kommunal xo‘jalik obyektlari, ijtimoiy soha maskanlarini qurish va ta’mirlash reja-dasturlari hamda boshqa davlat dasturlari, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish uchun ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tuman va shahar kesimida joylashtirilishi va muntazam ravishda yangilab borilishini ta’minlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan.
Farmonda yana bir muhim masala yechimi ko‘rsatib o‘tilgani katta amaliy ahamiyatga egadir. Unga ko‘ra “Hudud” axborot tizimi yanada takomillashtirilib, unga barcha Xalq qabulxonalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar integratsiya qilinadi. Natijada Xalq qabulxonalari xodimlari, sektorlar shtablari a’zolari qog‘oz ko‘rinishida turli hujjatlarni to‘ldirish, yuritish, rasmiylashtirish, saqlash kabi ishlardan xalos bo‘lib, asosiy vaqtini fuqarolar bilan ko‘proq bevosita muloqot qilish, muammolarni joyida o‘rganish uchun uzoq hududlarga chiqish ishlariga safarbar etadi.
Mazkur tadbirning mantiqiy davomi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hududiy bo‘limlari faoliyati hamda ular ko‘rsatadigan xizmatlarga oid tartib-qoidalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, mobil ilovalar, veb-saytlar, elektron to‘lov vositalari orqali aholiga to‘liq va tezkor yetkazilishini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi fuqarolarimizning ham vaqtini, ham mablag‘ini tejashga xizmat qiladi.
Shu bilan bir qatorda, 2019-yilning 1-iyuliga qadar barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning viloyat bo‘linmalari veb-saytlarini, 2020-yilning 1-yanvariga qadar tuman va shahar bo‘linmalari veb-saytlarini tashkil qilish vazifasi qo‘yilgani fuqarolarning davlat organlarining hududiy bo‘linmalariga bevosita elektron tarzda murojaat qilish imkoniyatini yaratadi.
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va bugun hayotimizdan tobora chuqurroq o‘rin olayotgan ushbu tamoyil yurtdoshlarimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga zamin yaratmoqda. Bugun poytaxt Toshkent shahridan to mamlakatimizning eng uzoq hududida yashayotgan yurtdoshimizga qadar islohotlarning real natijasini o‘z hayotida ko‘ra boshlagani, bu yangilanishlar minglab oilalar hayoti, millionlab insonlarning ongi, qalbi va dunyoqarashi o‘zgarishiga ham turtki bo‘layotgani buning yaqqol isbotidir. Prezidentimizning “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishi barobarida islohotlarning ta’sirchanligini yanada oshirishga, xalqimizning hayotdan rozi bo‘lishi uchun yanada keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.
Izoh (0)