O‘zbekiston Professional futbol ligasi Sport bo‘limi mutaxassisi R.K. ta’magirlik bilan shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi, deb xabar beradi O‘FA matbuot xizmati.
U Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Yoshlar Ittifoqi”ning “Ittifoq” jamoasini Pro-Liganing “B” ligasida ishtirok etishi uchun litsenziyalashdan o‘tkazib berish evaziga 2 500 AQSh dollari miqdorida pora so‘ragan.
Qayd etilishicha, O‘FA Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi Toshkent shahar prokuraturasining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda maxsus tadbir o‘tkazgan.
Natijada 18-yanvar, juma kuni R.K. O‘zbekiston Davlat Koservatoriyasining yonida 1 500 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasida jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi hal qilinmoqda, deyiladi xabarda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)