Xitoyda mahalliy hukumatni tanqid qilgan Twitter foydalanuvchilari politsiyachilarning tahdidi va uzoq muddatli so‘roqlariga va hatto bir necha kunlik qamoq jazosiga ham duch kelmoqda, deb xabar berdi “TJournal”.

Xabarda aytilishicha, jabrlangan xitoyliklarning to‘qqiz nafari bilan o‘tkazilgan intervyu va so‘roqlardan birining to‘rt soatlik audiosi bunga manba bo‘lib xizmat qilgan. Jurnalistlar ularning hikoyalaridagi bir necha o‘xshash tafsilotlarni aniqlagan. Masalan, politsiyachilar odatda tvitlarni qog‘ozga chiqarib, foydalanuvchilarga ko‘rsatgan va uni o‘chirib tashlashni yoki akkauntni o‘chirishni talab qilgan.

Jabrlanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ularga tahdid qilingan yoki jismoniy kuch ishlatilgan. Mahalliy faollardan biri esa uning qo‘l-oyog‘ini stulga bog‘lab, yetti soat davomida qo‘yib yuborishmagani, shundan so‘ng boshqa hech qachon Twitter’ga kirmaslikka va’da berganini aytib bergan. Jabrlanganlardan yana biri esa tvit sababli 15 kun qamoqda o‘tirgan.

Xitoy rasmiylari bu holatga izoh berishdan bosh tortdi, Twitter vakili ham bunga munosabat bildirishni xohlamadi.

G‘arbning boshqa servislari kabi Twitter ham Xitoyda bloklangan, biroq mahalliy aholi proksi-server yoki VPN orqali undan foydalanishda davom etmoqda.