Yangi tashkil etilgan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi rahbariga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

Sohib Saifnazarov (1973-yilda tug‘ilgan iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari bo‘ldi. U Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 1996-yildan 1998-yilgacha “O‘zbekqishloqxo‘jalikmash” korxonasida iqtisodchi bo‘lib ishlagan. 1999−2001-yillarda Toshkent viloyat hokimiyati axborot-tahlil guruhida yetakchi mutaxassis bo‘lgan.

2001−2003-yillarda O‘zbekiston Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi sho‘ba korxonasini boshqargan. 2004−2009-yillarda Iqtisodiyot vazirligida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. 2012−2017-yillarda “Angren” erkin iqtisodiy zonasida davlat unitar korxonasi direktori bo‘lgan. 2017-yil avgustida Sohib Saifnazarov tashqi savdo vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

Foto: “Gazeta.uz”

Umidjon Salimov (1976-yilda tug‘ilgan) iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti aspiranturasini tamomlagan, texnika fanlari nomzodi.

1998−1999-yillarda “Avtodayjest” gazetasi mas’ul kotibi lavozimida ishlagan. 1999−2000-yillarda “O‘zavtosanoat” assotsiatsiyasining “Avtosaninvestproyekt” kompaniyasida yetakchi mutaxassis bo‘lgan. 2000−2004-yillarda “O‘zavtosanoat” assotsiatsiyasi moliya-iqtisodiy ekspertiza va kreditlash boshqarmasida yetakchi mutaxassis lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

2005−2007-yillarda “O‘zavtosanoat” marketing, savdo strategiyasi va eksport salohiyatini rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi bo‘lgan. 2007−2009-yillarda GM Uzbekistan yangi loyihalar boshqarmasi bo‘lim bosh menejeri lavozimida ishlagan.

2009−2011-yillarda GM Powertrain Uzbekistan bosh direktori o‘rinbosari bo‘lgan. 2011−2013-yillarda esa “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi o‘rinbosari edi.

2013−2017-yillarda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari va O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi direktori sifatida ish olib bordi.

Foto: “Gazeta.uz”

Botir Usmonov ham Iqtisodiyot va sanoat vazirligi rahbari o‘rinbosari bo‘ldi. Qozon davlat texnika universiteti (1993) bitiruvchisi, Andxra universiteti (Hindiston, 1999) magistranti, Gamburg texnika universiteti (2001) magistranti.

Bugungi kunga qadar Toshkent axborot texnologiyalar universitetida (2017−2019) ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, M.V.Lomonosov nomidagi MDU Moskva filiali amaliy matematika va informatika kafedrasi dotsenti, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari (2013−2016) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Avvalroq, Botir Asadillayevich Xo‘jayev Iqtisodiyot vaziri lavozimidan ozod etilib, yangi tashkil etilgan Iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimiga tayinlangani, Ravshan G‘ulomov esa uning birinchi o‘rinbosari bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.