Xo‘jayli tumanida joylashgan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari Nukus garnizonida harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
“Vatanparvarlik oyligi” doirasida uyushtirilgan ekskursiya jarayonida yoshlar garnizon hududidagi harbiy qism yotoqxonasi, o‘quv korpuslari, oshxona va kutubxona bilan tanishdi. Kapital rekonstruksiya qilingan o‘quv korpusida bo‘ldilar.
Shuningdek, mehmonlarga merganlik, artilleriya, havo hujumidan mudofaa, harbiy topografiya, maxsus taktik va aloqa tayyorgarliklari bo‘yicha boshlang‘ich tushunchalar berildi. Zamonaviy kompyuterlashtirilgan o‘q otish xonasida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar hamda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘rtasida tashkil etilgan “Eng yaxshi chavandoz” o‘yinlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Ekskursiya yakunida bolajonlar uchun harbiylar oshxonasida bayram dasturxoni yozildi. Bu kabi tadbirlar bolajonlarning harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini shakllantirishga, ularda Vatanga bo‘lgan muhabbatini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti 2018-yilning noyabr oyida mazkur garnizonda bo‘lib, harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan edi.
Izoh (0)