Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimovning tadbirkorlar bilan uchrashuvida mamlakatda 2019-yil 1-yanvardan amaliyotga joriy etilgan soliq tizimidagi yangiliklar va kiritilgan o‘zgarishlar, qo‘shilgan qiymat solig‘i joriy etilishining zarurati haqida so‘z yuritildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
— Yangi soliq tizimida tovar aylanmasi 3 milliard so‘mdan oshgan korxona 20 foiz miqdorida soliq to‘lashi belgilangan, — dedi viloyat hokimi. — Lekin bu tadbirkorga aylanma mablag‘ini noqonuniy yo‘l bilan bo‘lsa-da, 3 milliard so‘mdan ortiq qismini yashirishi kerak, degani emas. Dunyoning ko‘plab davlatlarida foydalaniladigan, lekin biz uchun yangi bo‘lgan mazkur soliq tizimi hozircha 20 foiz qilib belgilandi, keyinchalik albatta bu stavkalar bosqichma-bosqich pasaytiriladi. Buning uchun viloyatdagi 23 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti ish o‘rinlarini to‘g‘ri ko‘rsatib, “konvert” usulida ish haqi berishni to‘xtatib, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashga o‘rgansa, barchamiz uchun soliq yuki ancha yengillashadi.
Tadbirda Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ahmedov 2019-yil uchun belgilangan soliq stavkalari, qo‘shilgan qiymat solig‘ining joriy etilishi, hisoblash tartibi va qaysi mahsulotlarga tatbiq etilishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Samarqand viloyat prokurori F.Zufarov yaratilgan imkoniyatlarga qaramay ayrim tadbirkorlik subyektlari faoliyatida ish o‘rinlarini yashirish va soliqlardan qochish holatlari kuzatilganini qayd etdi.
Tadbir davomida tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.
Izoh (0)